Bursa viloyatining Orhaneli tumanida avj olayotgan o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlari davom etmoqda. Kuchli shamol olovni qayta kuchaytirdi, bir nechta qishloqlar evakuatsiya qilindi. Bu haqda TRT xabar yozmoqda.
Turkiyaning g‘arbiy hududida joylashgan Bursa viloyatining Orhaneli tumanidagi Yakuplar mahallasida 27 iyul kuni tushdan keyin boshlangan o‘rmon yong‘ini kuchli shamol ta’sirida 28 iyul ertalab yana avj oldi.
Rasmiylarga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligi va yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari havo va yer orqali olovga qarshi kurashmoqda. Biroq shamolning kuchayishi natijasida alanga tezlik bilan yangi hududlarga tarqalmoqda.
Yong‘in tufayli Harmancik tumaniga qarashli Dutluja, Ilicaksu, Chamog‘lu va CHakmak qishloqlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan bo‘shatildi.
Orhaneli-Harmanjik avtomobil yo‘li vaqtincha transport harakatiga yopildi. Faqat favqulodda xizmat avtomobillari yo‘ldan foydalanmoqda.
Orhaneli belediye (tuman hokimligi) rahbari Ali Osman Tayır ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida:
“Yong‘in nazorat ostiga olinayotgandi, lekin shamol uni yana kuchaytirdi. Tankerlari bor fuqarolarni suv bilan ta’minotda yordamga chaqiraman”, — deydi.
Adliya vaziri Yilmaz Tunch bayonotida, yong‘in yuzasidan tergov ishlari boshlanganini va bir gumondorning hibsga olinganini ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, iyun oyidan buyon mamlakat bo‘ylab chiqayotgan o‘rmon yong‘inlari bo‘yicha olib borilayotgan tergovlar doirasida 21 kishi qamoqqa olingan.
Yong‘inning sababi hali aniqlanmagan, lekin odam qo‘li bilan yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlar bor. Rasmiylar vaziyatni nazoratga olishga harakat qilmoqda.