Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy taʼlim bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi. Unda oliygohlar taʼlimi real mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmayotgani keskin tanqid qilindi.
Masalan, yiliga 20 ming avtomobil ishlab chiqarayotgan BYD zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lsa-da, mutaxassis yetishmayotgani sababli xorijdan 80 nafar muhandis jalb etilgan. Zavod to‘liq quvvatga chiqqach, 4 ming nafardan ortiq yuqori malakali kadr kerak bo‘ladi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishida har yili 2,5 ming talaba bitirayotganiga qaramasdan, ularning 42 foizi ish topolmayapti. Chunki zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmasi yetarli emas.
Prezident hisob-kitoblardagi nomuvofiqliklarni ham tanqid qildi: bu yilgi 231 ming bitiruvchidan 125 ming nafari ishga joylashgani aytilayotgan bo‘lsa-da, ulardan 42 ming nafari o‘zini o‘zi band qilganlar safida.