Turkiyaning Isparta shahrida 29 yoshli Afg‘oniston fuqarosi Hayr Muhammad Rahimiy sobiq turmush o‘rtog‘i, 28 yoshli Fotima Rahmoniyni to‘rt farzandi — 3, 6, 8 va 10 yoshli qizlari ko‘z o‘ngida bo‘gib o‘ldirdi. Voqea Iskandar mahallasidagi xonadonda, kecha kechasi sodir bo‘lgan, deya yozmoqda "zamon.uz".
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, er-xotin taxminan bir yil avval ajrashgan bo‘lsada, yaqinda yana birga yashay boshlagan. Noma’lum sabablarga ko‘ra kelib chiqqan janjal chog‘ida Rahimiy sobiq rafiqasini bo‘gib, harakatsiz holda qoldirgan. Voqea joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari Fotima Rahmoniyni jonlantirishga harakat qilgan, ammo u kasalxonada vafot etgan.
Politsiya Rahimiyni voqea joyida qo‘lga oladi. U bo‘limda ko‘rsatma bergach, sud qarori bilan hibsga olingan. Marhumaning to‘rt farzandi esa politsiya himoyasiga olingan va xavfsiz joyga joylashtirilgan.
Voqea bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda. Mahalliy jamoatchilik ayollar o‘limi va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi keskin norozilik bildirmoqda, huquq himoyachilari esa ayollar xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirmoqda.