AsosiyJamiyat

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi

Endilikda bu toifa uchun raqamli platformalar, soliq yengilliklari va elektron hamyonlar joriy etiladi.

'Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi'ning rasmi

Kecha, 11-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir yangi tashabbuslar taqdim etildi.

Unga ko‘ra, 2030-yil 31-dekabrga qadar ushbu toifadagi fuqarolar uchun maxsus huquqiy rejim amaliyotga tatbiq etiladi.

Rejada quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilangan:

— Raqamli platformalar: Faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish, soliq hisob-kitoblari va fiskal cheklarni yuritish yagona raqamli tizimda amalga oshiriladi.

— Elektron hamyon: Tadbirkorlar uchun daromad olish, xodimlarga to‘lov qilish, soliqlarni to‘lash va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beruvchi elektron hamyonlar joriy etiladi.

— QR-kod va “tap to pay” texnologiyasi: 2025-yil 1-noyabrdan boshlab barcha hisob-kitoblar ushbu zamonaviy texnologiyalar orqali amalga oshiriladi.

— Masofaviy imzolash: Biometriya va SMS-xabarnoma orqali hujjatlarni elektron imzolash imkoniyati yaratiladi.

— Soliq yengilliklari: 2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1 foiz etib belgilanadi.

— Majburiy QR-kod : Elektron to‘lovlar uchun maxsus QR-kod’ga ega bo‘lish chakana savdo faoliyatida majburiy bo‘ladi.

Shuningdek, raqamli platformadagi pul aylanmalari kredit ajratishda asosiy mezonlardan biri sifatida inobatga olinadi. Prezident bu takliflarni ma’qullab, tegishli qarorni imzoladi.

Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda norasmiy bandlikni kamaytirish va kichik biznesning rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar