AsosiyJamiyat

Andijonda maktab direktori o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etib, oyliklarini ushlab qolayotgani aytilmoqda

Oltinko‘l tumanidagi 21-maktab o‘qituvchilari yozgi ta’til davridan qaytgach, darsga emas, balki maktab hovlisida o‘t yulish va ta’mirlash ishlariga jalb qilingan.

'Andijonda maktab direktori o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etib, oyliklarini ushlab qolayotgani aytilmoqda'ning rasmi

O‘qituvchilar iddaosiga ko‘ra, maktab direktori Ruxsora Saidova iyul oyidan boshlab ularni asosan obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga safarbar qilgan. "Biz darsga tayyorgarlik ko‘rish o‘rniga kun bo‘yi hovlida o‘t yulaymiz.

Agar o‘t yulayotganimizni suratga olib, maktabning Telegram guruhiga joylamasak, maoshamizdan ayiramiz", — deydi o‘qituvchilardan biri.

Ularning aytishicha, iyul oyi maoshlari odatdagidek plastik kartaga o‘tkazilmagan, balki naqd ko‘rinishda direktor tomonidan tarqatilgan.

Mardikorlikka kelmagan yoki direktor bilan kelishmagan o‘qituvchilar maosh ololmagan. "Bu tizim ta’lim sifatiga zarar yetkazmoqda. Yangi o‘quv yili oldidan maktabimiz yana qizil ro‘yxatga tushishidan qo‘rqamiz", — deydi o‘qituvchilar.

Ta’lim sohasi xodimlari maktab ma’muriyati, direktor va buxgalteriya faoliyatini viloyat ta’lim boshqarmasi hamda tegishli audit organlari tomonidan tekshirishni talab qilmoqda.

Ammo holat yuzasidan hanoz rasmiy ma’lumot e’lon qilinmadi.

    Boshqa yangiliklar