Yoqilgʻi quyish, saqlash va tashish obyektlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi ogohlantiruv bilan chiqdi. Murojaat fonida bir necha portlash va yongʻin holatlari qayd etilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi mamlakatdagi yoqilgʻi bilan bogʻliq obyektlar rahbarlariga murojaat yoʻlladi. Unda texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish, yongʻinga qarshi vositalarning doimiy soz holatda boʻlishini taʼminlash, masʼul shaxslar tayinlanishi hamda xodimlarning favqulodda holatlardagi harakatlarga tayyorgarligi nazorat qilinishi zarurligi taʼkidlangan.
Alohida urgʻu quyidagi jihatlarga qaratilgan:
— suyultirilgan gaz, benzin va dizel yoqilgʻisini toʻkish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash;
— aholining avtomobillarda oʻrnatilgan gaz ballonlarini muntazam texnik koʻrikdan oʻtkazib borishi.
Bu ogohlantirish bir qator soʻnggi yongʻin va portlashlar fonida berildi:
— Shoʻrchi tumanida gaz quyish shoxobchasida portlash;
— Jomboy tumanida avtomobillar ishtirokidagi yongʻin;
— Koʻkdala tumanida gaz quyish shoxobchasidagi portlashda 4 kishi halok boʻldi, oila aʼzolariga 100 million soʻmdan kompensatsiya toʻlandi;
— Xorazmda, 8 avgust kuni mobil AYOKSHda katta yongʻin sodir boʻldi.
Mazkur hodisalar yuzasidan Jinoyat kodeksining 205 va 259-moddalari asosida tergov ishlari olib borilmoqda.