Yil boshidan soliq huquqbuzarliklari haqida 63 mingdan ortiq murojaat yo‘llanganligi maʼlum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi maʼlumotlarida keltirilgan.
2025 yilning yanvar-iyul oylarida "Soliq" mobil ilovasining "Soliq hamkor" tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 63 988 ta murojaat kelib tushgan.
Shundan:
- 57 672 tasi xarid cheki bermaslik;
- 2 278 tasi to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik;
- 145 tasi plastik karta uchun xarid summasini oshirish;
- 3 893 tasi boshqa turdagi huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha.
Murojaatlarning 31 423 tasi takroriy bo‘lganligi yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotganligi sababli ko‘rib chiqilmagan.
Murojaatlar asosida 25 924 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 98,9% holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan.
Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 27 451 ta holat bo‘yicha (undirilgan jarima summasidan 20%) 19,7 mlrd so‘m mukofot to‘langan.