Albatta, maqolaga qoʻyilgan ushbu sarlavha umumiy mazmunga qandaydir tushkun ruh berayotgandek tuyulishi mumkin. Ammo unda aslo malomat yoʻq. Oʻtmishni qoralash, oʻtganlardan gina-kudurat qilish niyatidan yiroqmiz. Qolaversa, bugungi yorugʻ kunlarimiz, erishayotgan yutuqlarimiz qiymatini akslantirish uchun uning ziddi – tarixning qorongʻi goʻshalaridan ulgi izlashga hojat ham yoʻq. Shu oʻrinda savol tugʻilishi tabiiy: hammasi rasamadidagidek ekan, unda alam nega?
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
«Afsonalar oʻz-oʻzlaricha yashamaydilar. Ular oʻzlariga bizning hayot va qon ato qilishimizni kutishadi. Dunyoda hech boʻlmasa, bir odam ularning chaqirigʻiga javob bersa bas, afsonalar bizni bitmas-tuganmas obihayot bilan sugʻorishga shay. Bizning vazifamiz – ularni unutmaslik. Shunday qilishimiz kerakki, hech bir afsona oʻlim uyqusiga tolmasin», degan edi Alber Kamyu bir zamonlar.
Oʻkinchning boisi, garchi aynan boʻlmasa-da, farang adibi aytayotgan fikrga juda yaqin. Zotan, biz ham uzoq yillar afsonaviy tariximiz, madaniyatimiz, ajdodlarimiz kimu, bu dunyoda joyimiz qayerda boʻlganini unutdik. Dunyoning cheti, uchinchi darajali bir davlat, xalq deb qarashlariga koʻnikdik. Va eng alamlisi, zamonaviy dunyo sahnidagi madaniy va tarixiy oʻrnimiz qumga singgan suvday «yoʻqolib» qoldi... «Oʻzbek», «Oʻzbekiston» soʻzlari haqiqiy mazmunidan chekinib, dunyo xaritasida qaysidir makonni topishda murojaat qilinadigan jugʻrofiy nuqta darajasiga tushdi. Mamlakatimiz nomidagi ot yasovchi «iston» qoʻshimchasi boshqa turdosh «iston»lar aro adashib, joʻrttaga, baʼzan esa mutoyiba tarzida zikr etiladigan boʻldi...
Mushohadamizga jiddiy tus beradigan boʻlsak, xorijlik mashhur bir siyosatshunosning taassuf bilan aytgan ushbu gapi ayni oʻringa mos tushadi: «...umuman olganda, bugun xorijda koʻpchilik odamlar Ibn Sino va Al-Beruniylar yurtini pisand qilmay, bu yerga boshqa biror manzilga borish uchun kesib oʻtish kerak boʻlgan notinch hudud sifatida qaraydilar». Ha, bu borada u haq edi. Biz uning taʼrifidan xafa boʻlishimiz kerakmaski, asl vaziyat ham shundan ortiq emasdi.
Holbuki, oʻsha siyosatchi ishora qilganidek, bizning vatanimiz intellektual va madaniy meros, siyosiy-harbiy anʼanalar jihatidan yuqorida aytganimiz boshqa «iston»lar aro «adashib» yurishga aslo «munosib» emas.
Holbuki, bu zamin insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan ikki buyuk uygʻonish davri – musulmon va Temuriylar renessansiga beshik boʻlgan. Dunyoning yarmini egallagan qudratli imperiya-saltanatlar markazi boʻlgan.
Biroq qani oʻsha tarix, qani oʻsha bizga shon-sharaf, ulugʻvorlik va buyuk ruh baxsh etuvchi xotira?!.
Tariximizdan, asliyatimizdan ozgina xabardor har bir odamni bu savol ogʻir oʻyga toldiradi va ayni maʼnaviy tushkunlik qalbida ohistagina alamni qoʻrlantiradi...
Bugun Oʻzbekiston qanday yoʻlga kirganini va bu yerda nimalar boʻlayotganini zukko tahlilchilar, maʼrifatli insonlar koʻrib, his qilib turganiga ishonaman. Ammo bir nozik jihat borki, buni hammayam ilgʻab olayotganiga shubham bor. Men ilgarigi bir necha maqolalarimda bildirgan fikrimda sobitman – uzoq yillar koʻp balolarni boshidan kechirishga majbur boʻlgan bu yurt va uning xalqi endilikda nafaqat mamlakat suverenitetini mustahkamlash, balki unuttirilgan va bagʻridan yulib olingan ulugʻ oʻtmish xotirasi, madaniyati va ajdodlari merosini tiklash hamda bu sharafli harakat oʻlaroq oʻz kimligini topishga, maʼnaviy yangilanishga bel bogʻladi, desam, toʻgʻri boʻladi.
Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirilgan kisva boʻlagi.
Imom Buxoriy innovatsion muzeyi zali
Qurʼoni Karimning qadimiy qoʻlyozmasi
Islom sivilizatsiyasi markazidagi Vaqt devori loyihasi
Ikkinchi Renessans zali
Gapning mavridi keldi, bir masala boʻyicha fikrimni ochiq aytmoqchiman. Zotan, uning bugungi maqolaga aloqasi bor. Mamlakatimizda Uchinchi Renessans masalasida gap-soʻzlar koʻtarilgan va bu mulohaza gʻoya sifatida yuqori minbarlardan aytilgan kezlarda baʼzilar bunga istehzo bilan qaraganini yaxshi eslayman. Bunday kayfiyatdagilarni bugun «yoʻq» desam, yolgʻon gapirgan boʻlaman – shunday tushuncha va qarashdagilar hozir ham bor. Ammo muammo shundaki, bu kabi odamlar olib borilayotgan siyosatning faqat ustki qatlaminigina koʻrayotir. Shavkat Mirziyoyev fenomenidagi «oʻzga»lik shundaki, u ichidagi orzu-armoni, oʻz xalqi, vataniga boʻlgan yoniq muhabbatini namoyishkorona ifoda etmadi, pisanda qilganlar, turli darajadagi kinoya-yu qochirimlardan balandroq turdi. Ammo uning faoliyatini jiddiy kuzatgan kishi Prezident siyratidagi asl manzarani, otashin gʻoyani ilgʻashi mumkin.
«...Nima uchun Islom sivilizatsiyasi markazini qildik? Millatimizning shonu shavkatini tarixga muhrlab qoʻyish uchun. Bu yerga kirgan odam chiqqandan keyin bu millatga taʼzim qilishi uchun qildik buni...».
Ayni iqtibos mazmunan Prezidentimizning shu yil mustaqillik bayrami arafasidagi faollar bilan boʻlgan uchrashuvdagi jonli nutqidan olindi. Quyida keltiradigan matnimiz esa, davlat rahbarining 2023 yilgi nutqidan. Mana, unda nima degan edi:
«Oʻtmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: «oʻzbek» deganda, faqat erta-yu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik.
Paxta hukmronligi oʻzbekning peshonasiga yozilgan balo boʻldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, taʼlim tizimini izdan chiqardi. Oqibatda bir necha avlod chalasavod boʻlib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz».
Favqulodda ikki iqtibosni chogʻishtirib oʻqigan kishi birinchisining keyingisiga nima aloqasi bor, degan xayolga borishi mumkin va bu tabiiy ham. Chunki ikki matn ham davr, ham mazmun jihatidan farqlanadi. Ammo ularni izma-iz maqolaga joylayotganimizning sababi bor. Sababki, ayni usul biz hali aytgan, davlat rahbari ichki olamini, orzu-armonlarini tusmollab koʻrishda, asl istak va gʻoyani aniqlab olishda yordamchi boʻladi.
Darhaqiqat, iqtiboslar tagmatniga jiddiy eʼtibor qilsangiz, keltirilgan murojaatlarning koʻzdan panada qolayotgan ritorikasi ularni bir maʼnoliga aylantirishi mumkinligiga shohid boʻlasiz. Yaʼni, Prezidentning renessans, maʼnaviy yuksalish haqida aytayotgan fikrlari, murojaatlari shunchaki, deylik siyosiy populizm emas, balki fundamental asosga, aniq rejaga asoslangan gʻoyadir. Mana, oʻzingiz bir eʼtibor qiling, biz bugun maqolaga asosiy mavzu qilib tanlagan «Islom sivilizatsiyasi markazi» qurilishi fikri Prezident tomonidan aynan u endigina ishga kirishgan, 2017 yil oʻrtaga tashlangan va bu ulugʻ tashabbusga kirishilgan edi. Aynan oʻsha yillari Uchinchi Renessans, tarixiy madaniy meros, jumladan, musulmon va undan keyingi temuriylar uygʻonish davri, buyuk ajdodlar xotirasiga qarashning yangi oʻzanga oʻtgani Prezident Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining asl oʻzagiga aylandi. Bir soʻz bilan aytganda, uning ichki olamida yashayotgan va mudom uni qiynayotgan birgina armon bordek tuyuladi baʼzan. Bu – millatning, vatanning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish, toptalgan, baʼzan esa oyoqosti boʻlgan shonu shavkatimizni ulugʻlash...
Men u kishining xalqimiz oʻtmishi, vatanimiz tarixi haqidagi yoniq suhbatlarini koʻp bor eshitish baxtiga muyassar boʻlganman: «Oʻzbek yoki Oʻzbekiston, desa nega doim paxta, osh, doʻppi-yu chopon va yana paxta gulli choynak-piyolani, choyxona-yu mehmondoʻstliknigina misol qilishadi, shulardan boshqa dunyoga koʻrsatadigan, bizni tanitadigan qiymatli narsamiz yoʻqmi? Buyuk tariximiz, dunyoni qoʻliga qaratgan, oʻz ilmi ziyosi bilan jahonni maftun qilgan ajdodlarimiz merosini nega dunyoga koʻz-koʻz qilmaymiz? Nega shunday buyuk tarixiy xotiradan hadiksiraymiz, bekitamiz, koʻrmaganga olamiz, ulugʻlarning nomlarini aytishdan, meroslarini elga tanitishdan choʻchiymiz. Axir insoniyatga matematikadan tortib, tibbiyotgacha, falakiyotdan falsafa-yu musiqagacha dars bergan, bugungi zamonaviy ilm-fanning koʻplab sohalariga asos solgan shu ulugʻlarimiz emasmidi?! Oltoydan Oʻrta yer dengizigacha, Misrdan Hindistongacha imperiyalar qurgan, dunyodan hisob soʻragan oʻsha oʻzimizning bobolarimiz emasmidi?.. Bugun biz nega bunday ahvolga tushdik, bolalarimizning nega yelkasi qisiq, boshi xam, nigohlari yerga qadalgan?..».
Men Shavkat Miromonovichning ogʻzidan bu gaplarni eshitganimga deyarli oʻttiz yillar boʻlgan. Va aniq bilamanki, oʻtgan davrlar mobaynida bu ichki dard – millat qaygʻusi uni ruhan millatparvar, vatanparvar va oʻz xalqining yovqur bir farzandi sifatida ulgʻaytirdi, tarbiyaladi.
Darhaqiqat, uning ichki malomati asossiz emas, mutlaqo adolatli edi. Ozroq badiiy ehtiros bilan aytadigan boʻlsak, tarix bizga haqsizlik koʻrsatayotgandek ham tuyulardi. Ammo chin haqiqat shuki, ulugʻ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy gʻoya va kashfiyotlar nafaqat aniq fanlarda, balki tarix, geografiya, falsafa, madaniyat, sanʼat va arxitektura sohalarida ham dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojida yangi sahifa ochgan. Xususan, buyuk bobokalonimiz Abu Muso Muhammad al-Xorazmiy asos solgan sanoq tizimi, Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari, Abu Rayhon Beruniy oddiy usturlob yordamida Yer radiusini oʻta aniqlik bilan oʻlchagani, 1492 yilda esa Xristofor Kolumb Amerika sohillariga aynan Ahmad al-Fargʻoniy tuzgan Yerning darajasini aniqlash haqidagi hisob-kitoblari asosida yetib borgani – ota-bobolarimizning cheksiz aql-zakovati va yuksak ilmiy salohiyatidan dalolat edi. Va yana oʻz davrida Samarqand qogʻozining dunyoda eng sifatli, deb eʼtirof etilishi yoki Yevropadagi nufuzli saroy va ibodatxonalarning zeb-ziynati Fargʻona vodiysida ishlab chiqarilgan ipakdan tayyorlangani ham ajdodlarimiz maʼnaviy va moddiy merosining nechogʻliq beqiyos ahamiyatga ega ekanini yaqqol tasdiqlaydi. Bundan ham yorqinroq va qiziqarliroq faktni AQShlik mashhur siyosatshunos olim Frederik Star bir maqolasida keltiradi. U birinchi renessans davri haqida gapirayotib shunday deydi: «...Markaziy Osiyoda oxirgi ulkan «madaniy energiyaning portlashi» Saljuqiy turklar hukmronligi ostida roʻy berdi va taxminan 1037 yildan boshlab bir asrdan koʻproq vaqt davom etdi. Oʻzlarining sharqiy poytaxtlari boʻlmish hozirgi Turkmanistonning Marv va bugungi Afgʻoniston – Eron chegarasidagi Nishopur shaharlaridan turib, ular koʻp sohalarda kashfiyotchilarni qoʻllab-quvvatladi. Erishgan yutuqlardan biri sifatida keng joylarni qoplovchi qoʻshgumbazni keltirish mumkin. Dastlabki yutuqlar mahsulini hozir Marvning qarovsiz qolgan vayronalari misolida koʻrishimiz mumkin. Florensiya ibodatxonasidagi Filippo Brunelleski gumbazi va Sankt-Peterburgdagi Avliyo Nikolay soboridan boshlangan «dunyo boʻylab sayohat» natijasida mazkur kashfiyot Vashingtondagi AQSh Kapitoliy binosining gumbazida ham oʻz aksini topdi».
Albatta, bu haqli eʼtirof ajdodlarimizning meʼmorchilik sanʼatida ham mislsiz boʻlganini koʻrsatadi. Ammo buni bugun toʻrt-beshta mutaxassisdan boʻlak kim biladi va eʼtirof etadi? Kim xalqimiz va vatanimiz shunday ulkan salohiyatga ega boʻlganini targʻib qiladi?.. Oʻsha paytlardayoq men Shavkat Miromonovichning soʻzlari va koʻzlarida aynan shu oʻkinchni, savollarning qotib qolgan suratlarini koʻrganman...
Oʻtgan asrning oʻrtalarida ijod qilgan yevropalik bir faylasuf oʻz davri, qitʼa va jahonni qamrab olgan urush kulfatlari va qabohati haqida yozar ekan, «shunday olatasir bir zamonda rassomlar oʻz qoʻnoqlarida xotirjam «mudrayotgan» tovuqlar tasvirini chizayotgan ekan, demak, insoniyat qalbida goʻzallikka, yaratuvchilik, tinchlik va ezgulikka boʻlgan ishonch hali soʻnmagan», degan edi.
Men esa oradan deyarli bir asr oʻtgach, faylasufning fikrlariga quyidagicha qoʻshimcha qilishim mumkin: dunyo atom halokati ostida qolayotgan bir davrda (holbuki, bizning mintaqamiz toʻrt yadroviy davlat bilan qoʻshni) bundan ham taassuflisi, jahon tartibining egasiman, deydigan qudratlardan biri mudofaa vazirligi nomini «urush vazirligi»ga oʻzgartirish ehtiyoji haqida gap-soʻz qilayotgan bir mahalda insoniyat tamaddunlari, moziy merosi, sanʼat va abadiyat, umuminsoniy qadriyatlar haqida gapirish, bu borada katta ishlarga jurʼat topish uchun odamda qalb qanday boʻlishi kerak, degan savol qoʻysam, buni kim oʻrinsiz, deya inkor qila oladi?! Yoki Kamyu nazarda tutgan, afsonalar oʻlim uyqusiga tolmasligi, bu olamda hech boʻlmasa birgina odam ular chaqirigʻiga javob berishga oʻzida jurʼat topa olishi, ularga hayot va qon ato qilishi kerakligini tarixiy zarurat sifatida anglayotganiga ishora qilsam, qanday kuch mening yoʻlimga chiqishi mumkin?!.
Albatta, tahlil qilinayotgan mavzu mohiyatan shunday majoziy til, falsafiy tushunchalarga arziydi. Zotan, ayni gʻoya zamirida nafaqat millat va vatan manfaati, balki insoniyat tafakkurini umuminsoniy bir oʻzanga boshqarish, qarib va tobora zerikarli tus olayotgan dunyo uzra uygʻonish qoʻngʻirogʻini chalishga, olamda ezgulik va goʻzallik hali mavjud ekaniga ishora bor. Bu haqdagi mulohazalarni sal keyinroqqa qoldiramiz.
Hozir boshqa, biz uchun muhim yana bir masala haqida gaplashsak. Men doim allaqanday ichki bir qizgʻanish bilan aytamanki, jahon madaniy tarixidan mustahkam oʻrin olgan «musulmon tamadduni» haqida global miqyosda gap ketganda yurtimiz ham, xalqimiz ham koʻpincha «hisob»dan tushib qoladi. Aslida esa umuminsoniy qiymatga ega boʻlgan bu merosga koʻproq biz daʼvogarroqmiz. Garchi Bogʻdod xalifalik markazi boʻlgan va kimlardir ayni buyuk Uygʻonishni Yaqin Sharq bilan bogʻlashga, yetuk allomalarni esa fors va yoki arab madaniy olamiga aloqador qilishga harchand urinmasin, tarixiy markaz hamda asosiy intellektual «baza» bizga tegishliligicha qolaveradi. Bu tarixiy aksiomadir. Mushohada qilayotgan fikrlarimizni F.Star bir asarida juda asosli va haqqoniy tarzda shunday ifoda qiladi: «...Xalifa Al-Maʼmun milodiy 818 yilda tayinlanganiga qaramay, Markaziy Osiyoni tark etishdan bosh tortdi va musulmon dunyosini hozirgi Turkmaniston hududida joylashgan betakror Marv shahridan turib boshqardi. Keyinchalik Bagʻdodga koʻchar ekan, u turkiy lashkarlari bilan bir qatorda oʻzi bilan forsiy va turkiy madaniyatlar taʼsirining «qorishmasidan» hosil boʻlgan Markaziy Osiyoning qadriyatlarini olib ketadi. Markaziy Osiyodan Yaqin Sharqqa bu koʻchish yunon bilim maskanlaridan Rimga qarab harakatlangan qadimiy «aqllar koʻchishi» yoʻsinida roʻy bergan».
Oksford universiteti ilmiy xodimi, qadimshunos olim Pol Uordsvort mintaqamiz oʻtmishi haqida fikr bildirarkan, uning oʻz vaqtida jahon tartibotida tutgan muhim oʻrni borasida gapiradi. «Koʻpchilik sayyoramizning ulkan materigi Ovroosiyodagi bir-biriga tutash mintaqalar oʻzaro jips bogʻlangan deb oʻylaydi, – deydi olim, VVSga bergan intervyusida. – Aslida bunday emas. Chunki Markaziy Osiyoda dunyoning eng baland togʻlari joylashgan. Uzun va asov daryolar oqadi.
Milodning birinchi ming yilligi oʻrtasida Markaziy osiyolik savdogarlar bu murakkab tabiatli mintaqani kezish va savdo-sotiq qilish hadisini olishgandi. Mintaqa faqatgina savdo yoʻllari yuragi emasdi. Bu yerda ilm-fan hamda ijod gurkiragan.
Olimlar shaharma-shahar yurib, bilim almashishgan. Ipak yoʻlidagi Buxoro va Samarqand kabi shaharlar ilm-fan markazlariga aylangan. Ular oʻz vaqtida Markaziy Osiyoning Oksfordi va Kembriji kabi boʻlgan.
Koʻpincha Ipak yoʻli haqida gap ketganda bilib-bilmay faqat yo Xitoy, yoki Rim imperiyalariga qarab fikr yuritishadi. Va bu holatda ikki oʻrtadagi hududlar goʻyoki tashqi taʼsirlar ostida qolgandek tasavvur paydo boʻladi. Markaziy Osiyoning haqqoniy tarixi esa ayni stereotiplarni oʻzgartirishga yordam beradi. Zotan, bu yerliklar oʻz aql zakosi hamda oʻziga xos madaniyatlari bilan Ovroosiyoni bitta qilib bogʻlay olishgan...».
Lekin muammo shundaki, Uordsvort alohida aytayotganidek, haqiqatan ham, bu oʻlka uzoq yillar tashqi taʼsirlar soyasida qolib ketdi. Eng achinarlisi, bugun ham bizni u yoki bu buyuk qudrat (derjava)ning «tomorqa»si sifatida koʻrsatib, saflardan surib chiqarishga intilayotganlar yoʻq emas...
Tan olish kerak, bizda tarixga nazar turli davrlarda turlicha boʻlgan. Shunday vaqtlar boʻldiki, baʼzan uning itoatkor quliga aylandik. Baʼzan esa undan faxrlanish bilangina oʻzimizni ovutdik. Bilgunimizcha toʻqib-bichdik, qoʻlga qaychi olib, istagimizga mosladik. Ochiqroq gapiradigan boʻlsak, sovet davrida moziyga qarashimiz qanday boʻlganini koʻpchilik yaxshi biladi. Ammo mustaqillikka erishgandan keyin ham oʻtmish madaniyatga munosabatlarimizda unchalik koʻp oʻzgarish boʻlgan emas. Toʻgʻri, bu borada umuman yangilik boʻlmadi, deyish noinsoflik boʻladi. Nimalardir gapirildi, tashabbuslar koʻrsatildi, ammo hali aytganimdek, xohishga koʻra. Ayni masalada gap ketar ekan, men Shahrisabzdan «yoʻlga tushib» Samarqand orqali poytaxt Toshkentning qoq markazida oʻzining tugal poetik ifodasini topgan ansambl – buyuk sohibqironning bronzadan yasalgan muhtasham siymolarini alohida aytgan boʻlardim. Ulugʻ bobomiz shaxsi va merosiga koʻrsatilgan ehtirom aytish mumkin boʻlsa, mustaqillikning dastlabki yillarida qilingan eng katta ishlardan biri edi. Tarixiy yodgorlik oʻrnatilgan keng va ulugʻvor maydonga uning nomi berilishi hamda tutash manzilda Temuriylar tarixi davlat muzeyining bunyod etilishi oʻtmish merosga boʻlgan rasmiy munosabatimizni yanada oydinlashtirdi. Yaʼni bunda Temur siymosi va saltanati mahobatini mustaqil davlatchiligimiz ramzi (shu oʻrinda aytish kerakki, bu gʻoya yaqin tariximizda ilk bor jadidlar tomonidan koʻtarilgan. Ular bu borada faqat sohibqiron shaxsiyati bilan cheklanmagan. Koʻkturk Atilla, Bilga Xoqon, Oʻzbekxon va hatto biz mudom ikkilanadigan Chingiz xotirasi ham ular milliy tafakkurini yoritib turgan) sifatida qabul qilamiz, degan maʼno bordek edi. Ochigʻi, endigina erkinlikni qoʻlga kiritgan sobiq sovet respublikasi uchun bu mutlaqo tushunarli va hatto olqishga arziydigan xodisa edi. Ammo bu xotirjamlikni «buzadigan» istisnolar ham yoʻq emasdi. Oʻsha mahallar, garchand rasmiy boʻlmasa-da, biz yuqorida koʻp gapirgan «tarixga qarashimiz» shunday tus oldiki, unga koʻra, oʻtmishimiz Temur va Temuriylardan boshlanadi va oyoqlaydi... Albatta, bu mulohaza dagʻalroqday tuyulishi mumkin, ammo asl ahvol bundan pesh emasdi. Toʻgʻri, ming yil nari oʻtgan allomalar, shaxslar ahyon-ahyon eslanar, siyosiy matnlarga zeb berish uchun nomlari maʼruzalarga kiritilardi, biroq hech mahal xalqimizning uch ming yildan ortiq, deya eʼtirof etilayotgan oʻtmishi keng maʼnoda tan olinmasdi. Ehtimol, bugun Beruniyni, Xorazmiyni, ibn Sinoni, Forobiy va boshqa ulugʻlarimizni arab yo fors millatiga mansub edi, deyayotganlarga bizning oʻz merosimizga boʻlgan ayni oʻsha munosabatimiz ham sababdir. Qaydam, ammo bu juda gʻalati va mantiqsiz qarash edi.
Oʻzingiz oʻylang, oʻsha paytlarda ham shaharlarimiz, madaniyatimizning necha ming yillikligi haqida gapirar, qadim kentlar, dunyo tan olgan baʼzi allomalarimizning 1000-2000 yillik «toʻy»larini nishonlardik. Va shu bilan birga tushunarsiz ravishda milliy tariximizni yana XIV asr – Temur davridan boshlanadi, degan qarorga ragʻbat koʻrsatardik. Eng qizigʻi, undan oldingi oʻnlab, keyin oʻtgan bus-butun olti asr haqida esa deyarli eslanmas, bu oʻtmish olim va yozuvchilarning qoʻlyozmalaridagina «hayot kechirish»ga mahkum etilgandi goʻyo. Yumshoq qilib aytganda, bu mohiyatan tarixni mafkuraga, siyosatga boʻysundirish edi. Yaʼni oʻtmishni saralaymiz, chamalaymiz va siyosatimizga mos boʻlagini olib oʻz «ehtiyojimiz» uchun istifoda etamiz. Masalan, davlat yoki siyosiy-mafkuraviy populizm yoʻlida. Deylik, ziyolilar va ommaning ehtirosini bosish, qolaversa, xalqaro jamoatchilik koʻziga oʻzini postkolonial «botqoq»dan chiqib ketayotganday koʻrsatish ilinjidagina qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish uchun Yunusobodda majmua va ziyoratgoh quramiz, yiliga bir marta boʻlsa-da, ularning haqiga Qurʼon tilovat qildirib, qoʻllarimizni duoga ochamiz, biroq ozodlik yoʻlida shahid boʻlgan bu oydinlarimiz nomini qora roʻyxatlardan oʻchirmaymiz. Sobiq ittifoq oliy sudi qarori bilan otilgan va «xalq dushmani» sifatida badnom etilganlar roʻyxati aslicha qolaveradi...
Mayli, bu alohida va juda chuqur mavzu. Buni esga olganimning sababi shu holat rasmiy siyosatning qanchalik samimiy yoki aksi boʻlganini yaxshi ochib berishi mumkinligi uchundir. Shu bois unga muxtasar toʻxtaldim.
Endi maqolamizga asos qilib olingan obʼekt haqida ham toʻxtalsak, menimcha, toʻgʻri boʻladi. Yuqorida aytganimizdek, ushbu majmua qurilishiga 2017 yilda kirishilgan edi. Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan loyiha 10 gektarlik maydonni oʻz ichiga oladi. Muhtasham inshootning uzunligi 161, eni 118 metrga yetadi. U uch qavatdan iborat. Markazidagi moviy gumbaz balandligi 65 metrni tashkil etadi. Bino 1,8 gektar maydonda barpo etilib, foydalanish hududi 42 ming kvadrat metr. Bu statistikaning oʻzi shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining mahobati, maydoni va qamroviga koʻra, dunyoda Islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish va targʻib etishga qaratilgan eng katta majmualardan biriga aylanadi. Keling, ushbu muhtasham obidani oʻz koʻzi bilan koʻrgan va bundan cheksiz iftixor, gʻurur tuygan odam sifatida uni batafsilroq sharhlasam.
Majmua Sharq va milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida loyihalashtirilgan boʻlib, ichiga chor tarafdan toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Har bir portal va binoning tashqi (fasad) qismi ilm, maʼrifat, bagʻrikenglik, ota-onaga hurmat kabi muqaddas qadriyatlarni targʻib etuvchi Qurʼon oyatlari va hadislar bilan bezatilgan.
Markaz muzeyida Qurʼoni karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans va Oʻzbek xonliklari davri, Oʻzbekiston XX asrda, Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans ekspozitsiyalari oʻrin oladi. Bundan tashqari, uning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, shuningdek, Al-Furqan, Oksford Islom tadqiqotlari markazi, Turkiya, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 100 dan ortiq ilmiy institutlari, muzey va kutubxonalari filiallari ochiladi.
Eʼtiborlisi, Markaz faoliyatida mahalliy va xorijiy tajribalar asosida ilmiy tadqiqotlarni loyihalashtirish tizimi ham joriy etilgan. Shu oʻrinda xayoldan qochmasligi uchun bir masalani aytib ketay. Biz bugun yurtimizda dunyoga kelgan buyuk hodisa – ikki renessans haqida juda koʻp gapiramiz. Ammo uning qanday yuz koʻrsatganligini koʻpam mushohada qilib oʻtirmaymiz. Tarix shuni koʻrsatadiki, bu uygʻonish davrlari oʻz vaqtida madaniyatlar almashinuvi, jahon ilm-faniga integratsiyalashuv orqali yuz bergan edi.
Markazda dunyoning koʻplab ilm maskanlari, madaniy institutlar boʻlimlarining bizning olimlar, ziyolilar bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyilishi, sodda qilib tushuntirganda, jahondagi eng ilgʻor (eslang, xalifa Maʼmun ham, Temur ham oʻz saltanatiga yuksak aql egalarini yiqqan va ragʻbatlantirgan) intellektlarni Oʻzbekistonga olib kelish juda katta istiqboldan daraklaydi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, mazkur inshoot qurilishi va bu yerdagi muzey va boshqa madaniy obʼektlarning jihozlanishida dunyoning oʻnlab davlatlaridan eng oldi mutaxassislar, olimlar ishtirok etishgan. Shuning uchun ham markazning dovrugʻi u ochilmasdanoq olamga yoyildi, desam, toʻgʻri gapni aytgan boʻlaman. Zotan, hozirdanoq Islom sanʼati muzeyi (Malayziya), Sulaymoniya kutubxonasi (Turkiya), Azret-Sulton majmuasi (Qozogʻiston), Bolonya universiteti (Italiya), Ratti fondi, Alberto Levi kolleksiyasi, Milliy Ozarbayjon tarixi muzeyi, AQShning Devid Peyli, Bryus Baganza, Devid Reysborn kolleksiyalari, Rossiya davlat Ermitaji, Sankt-Peterburgdagi Davlat din tarixi muzeyi va Marjoniy fondi kabi koʻplab tashkilotlar oʻz koʻrgazmalari bilan uning tantanali ochilish marosimida ishtirok etish istagini bildirgan.
Muzey faoliyatini yoʻlga qoʻyish jarayonlarida yana bir muhim jihatni koʻrdim va bu meni nihoyatda xursand qildi. Yashirib nima qildik, ilgarilari ijtimoiy tarmoq yoki xorijning rasmiy OAVlarida «Oʻzbekistondagi falon muzey yoki institutdan qadimiy qoʻlyozma, tarixiy qimmatga ega boʻlgan artefakt oʻgʻirlanib, qingʻir yoʻllar bilan pismadon davlatga chiqarib yuborilgan», deganga oʻxshash xunuk, qalbingni ogʻritadigan axborotlarni kunda boʻlmasa-da, tez-tez eshitib, oʻqib turardik. Bugun esa gap xufiyona oʻgʻriliklar haqida emas, balki xuddi shunday qaroqchilik, talonchilik yoʻllari bilan chetga olib chiqib ketilgan xalqimizning maʼnaviy boyliklari yurtimizga qaytarilayotgani haqida. Gap shundaki, yaqinda Londondagi «Sotbis» va «Kristis» savdo uylari, yirik kolleksionerlar va art-dillerlardan mazkur muzey uchun Oʻzbekiston madaniy merosiga oid 580 dan ortiq (eʼtibor qiling, olti yuzga yaqin durdonalarimiz oʻzimizga qaytmoqda. Bu tariximizda koʻrilmagan holat) turli artefaktlar sotib olingan. Ularning orasida Amir Temur topshirigʻiga asosan xattot Umar Aqta tomonidan koʻchirilgan ulkan Qurʼon qoʻlyozmasining bir parchasi (Boysungʻur Qurʼoni), Boburiylar davriga oid ikkita xanjar, bitta qilich, bitta qimmatbaho xanjar dastasi, XVIII-XIX asrlarda oʻzbek xonliklari davrida yaratilgan 5 dona kashta, Boburiylar va Safaviylar davriga oid 3 ta miniatyura, Oltin Oʻrdaga tegishli 2 ta oltin taqinchoq, Jaloliddin Rumiyning Boburiylar davriga oid «Masnaviyi maʼnaviy» asari, Temuriylar davrida koʻchirilgan Hofizi Abruning «Majmaʼ ut tavorix» asari sahifasi, Soʻgʻd, Qoraxoniylar va Saljuqiylar davriga oid sopol hamda kumush idishlar...
Islom sivilizatsiyasi markazining umumiy koʻrinishi
Islom sivilizatsiyasi markazi shon-shuhrat zali
Qurʼoni Karim zali
Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi
XVI-XVII asrlarda yashagan tarixchi Mutribiy Samarqandiy oʻz asarlaridan birida shayboniylar sulolasining yorqin vakili, Turonning soʻnggi hukmdori Abdullohxonning bunyodkorlik salohiyati haqida yozaturib, xonning quyidagi iqrorini keltiradi: «...Amir Alisher Sulton Husayn mirzoning xodimi boʻla turib oʻzidan bir ming xayr inshooti yodgor qoldirdi. Biz podshohmiz, qurilishlar sonini oʻn mingga yetkazmasak, oʻzimizni hukmdorman, deb yurgan ekanmiz-da».
Bundan koʻrinadiki, tarixda oʻtgan buyuk qalbli har bir yetakchi qurish, yaratishga oʻz abadiyatining garovi sifatida qaragan. Ammo bular orasida ham oʻzidan oʻchmas iz qoldirganlari unchalik koʻp boʻlmagan. Maʼrifatga, sanʼatga, madaniyatga suyangan, shu ulugʻ daryolardan suv ichgan tashabbuslarning umrigina boqiy boʻlgan. Buni biz oʻz tariximizdan birinchi va ikkinchi renessans yuzaga chiqqan zamonlar misolida aytib oʻtdik.
Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan gʻoya global, umuminsoniy ahamiyati bilan nihoyatda noyobdir. Masalan, ushbu markaz faoliyat yoʻnalishi bilan tanishsangiz, unda oʻtgan zamonlardagidek «tarixning itoatkor quliga aylanish»ni emas, aksincha, oʻtmish merosi va anʼanalarini bugungi kun bilan transformatsiya qilish – bogʻlash, tarix va kelajakni uygʻunlashtirish orqali nurli istiqbolni yaratishga ishtiyoqni payqaysiz. Markazga jahonning yuzlab nufuzli olimlari tashrif buyurib, bu yerda ijod va tadqiqot olib borishi katta-katta moʻʼjizalarga turtki berishi ehtimoldan koʻp uzoq emas. Tarixda bunga misollarni koʻplab topish mumkin. Masalan, bugun olamga mashhur «Aida» operasi yoki AQShdagi «Ozodlik» haykali yaratilish tarixini hammayam bilavermaydi.
1869 yili Misr hukmdori Ismoil posho Suvaysh kanali ochilish marosimi uchun mashhur italyan kompozitori Juzeppe Verdiga yangi opera yozishga buyurtma bergan. Va bu buyurtma – «Aida» operasi 1871 yili Qohira teatrida ilk bor namoyish etiladi. Bundan tashqari, u kanalning kirish joyiga suv ustiga oʻrnatish uchun fransuz haykaltaroshi Frederik Bartoldiga qoʻliga mashʼal tutib olgan misrlik ayol haykalini bunyod etishni iltimos qiladi. Biroq bu loyiha qimmatligi uchun undan foydalana olmaydi. Keyinchalik mashhur haykaltarosh loyiha gʻoyasidan «Ozodlik»ni tayyorlashda foydalangan...
Umuman olganda, poytaxtimiz Toshkent hech zamonda maqtovga muhtoj boʻlgan emas. Tarixi uzoq-uzoqlarga ketgan bu shahar haqida oʻtmishda oʻtgan buyuk bobolarimiz Abu Rayhon Beruniy, al-Xorazmiy, Mahmud Koshgʻariy va hatto yunon olimi Klavdiy Ptolemey (II asr) ham oʻzining «Geografiyadan qoʻllanma» asarida yozib qoldirgan. Barcha davrlarda Toshkent, deyilsa, «eski shahar» hammaning koʻz oldiga kelgan. Ammo uzoq asrlar Toshkentning madaniy orbitasi boʻlgan ayni bu goʻshada keyingi 100 yilda nimalar yuz berdi, qanday obodonchilik qilindi? Tarixni titkilasangiz, savolingizga javob oʻrnida oʻtgan asrning 80-yillarida sovet davri modernizmi sifatida tuhfa qilingan «Chorsu» bozorini va mustaqillik yillarida barpo etilgan Xastimom majmuasini, keyin unga tutash manzilda qurilgan «Zarqaynar» modalar uyini koʻrishingiz mumkin edi. Holbuki, bu maskan doimo qadim Shoshning madaniy orbitasi boʻlib kelgan...
Bugun esa vaqt ajratib, «eski shahar»ga bir boring va moʻʼjizani koʻring. Agar oʻzingizni tarix ichiga kirib qolgandek his qilmasangiz, xayolingiz uzoq oʻtmish bilan muloqotga kirishmasa, men kafil. Ayniqsa, markazning asosiy kirish eshigi yuz tutgan «Qorasaroy» koʻchasi sizni butunlay maftun etadi. Arzimagan muddat ichida bu darajadagi oʻzgarishlarni amalga oshirish... Ochigʻi, odamning aqli ojizlik qiladi. Oʻz vaqtida men ham poytaxt tumanlarining bir nechasida birinchi rahbar boʻlib ishlaganman. Oʻsha davrlarda bitta kanalizatsiyani ishga tushirish uchun yillab vaqt ketar, taʼmirlash uchun ekskavator topolmay, oylab sarson boʻlardik. Bu ishlar esa xuddi tushga, ertakka oʻxshaydi...
Men aniq ishonamanki, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat eski shaharning ruhoniy tarixini qayta jonlantiradi, balki Toshkentni xuddi Samarqand, Buxoro kabi mintaqamizning madaniy orbitasiga aylantiradi.
Rus yozuvchilaridan birining «sahnaga miltiq osilgan boʻlsa, u albatta oxirida otilishi kerak!» degan mashhur iborasi bor. Gap garchi teatr sanʼati haqida aytilgan boʻlsa-da, mantiq nuqtai nazaridan bizning hozirgi holatimizgayam mos tushishi mumkin. Men endi maqolaga nega bunday keskin sarlavha tanlaganim, bunday tuygʻu koʻnglimda qanday paydo boʻlgani haqida ham gapirmasam, yozilgan matn oʻz mantigʻini yoʻqotishi mumkin. Shuning uchun keling, aytay.
Men koʻz oldimizda ochilgan ushbu tarix – Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishib, koʻnglimdan ikkita oʻkinch oʻtdi. Birinchidan, shunday ulugʻ tariximiz boʻla turib, uni dunyoga koʻrsatolmagan ekanmiz. Qolaversa, dunyo boʻylab insoniyatni maftun qiladigan madaniy merosimiz sochilib yotgan ekanu, ularni bir joyga yigʻish, shu nodir buyumlarni bizning bobolarimiz yasagan, ijod etgan, ixtiro qilgan, deb koʻrsatish haqida oʻylamabmiz.
Holbuki, sovet zamonlari zulmini chiqarib tashlaganda ham Sharof Rashidovdan keyingi, milliy masalalarda sal-pal nafas olish imkoniyati yuzaga kelgan davrlardan buyon bu mamlakat tepasiga nechta rahbar keldi?! Nega biz, hatto, mustaqillik yillarida ham bu ishlarga kirishmadik. Nega? Nega? Nega?.. Pulimiz yoʻqmidi? Axir ustimizga bugun osmondan boylik yogʻilmadi-ku. Paxtamiz ham, oltinimizu gazimiz ham oʻsha-oʻsha-ku... Unda nima uchun bu ishlarni ilgariroq qilmadik, kimdan, nimadan qoʻrqdik?!
Tabiiyki, bunday oʻy-fikrlar odamda tarix va oʻtgan ajdodlarning pok ruhi oldida aybdorlik hissini tugʻdiradi. Qolaversa, boy berilgan vaqt, befarqlik, buyuk tarix va madaniyatga mensimay qarash odamning koʻnglida, yuqorida aytganimdek, alamni qoʻrlantiradi...
Ammo bu koʻhna dunyo hikmatlarga toʻla. Koʻngildagi gʻam, dildagi gʻussani kutilmaganda qandaydir gʻayritabiiy bir hodisa yuvib tashlab, nafaqat sizning qalbingizni, balki butun olamni charogʻon aylashi mumkin. Shu maʼnoda bugun biz Shavkat Mirziyoyevning millatga, vatanga boʻlgan cheksiz muhabbati, oʻz ona xalqi oldidagi farzandlik burchiga boʻlgan sadoqatini kechagi kun xatolari, xalqning dilidagi anduhlarni yuvib ketadigan tolening bir inoyatidek qabul qilsak, adolatdan boʻladi, albatta.
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos