Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni, avvalo savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Siyosiy mulogot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalarda faol almashinuvlar davom etayotgani qayd etildi. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
So‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshgan. London Stock Exchangeda O‘zbekistonning 15 milliard dollardan ortiq qiyatdagi suveren va korporativ obligatsiyalari joylashtirilgan. Shuningdek, o‘tgan yili Qo‘shma iqtisodiy qo‘mita mekanizmi ishga tushirildi.
Ta’lim sohasida britaniyalik hamkorlar bilan Prezident maktablari tashkil etilgan, uchta qo‘shma universitet faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan britaniyalik sayyohlar soni ham ortib borayotgani qayd etildi.
Suhbat davomida energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va ta’lim yo‘nalishlarida yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.






