Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti hujumchi Neymarni Jahon chempionatiga faqat uning jismoniy holati a'lo darajada bo'lgan taqdirdagina jalb etishga tayyor. Bu haqda Braziliya futbol federatsiyasidagi manbalariga tayanib, UOL nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, mutaxassis futbolchining ayni paytdagi jismoniy tayyorgarligi va yuqori saviyada o'ynashga tayyorligini asosiy mezon sifatida ko'radi. Shu bilan birga, qaror shaxsiy emas, balki faqat sport omillariga tayanilgan holda qabul qilinishi ta'kidlanmoqda.
Ma'lumot uchun, Braziliya terma jamoasi joriy yozda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatida "C" guruhidan joy olgan. Neymar esa 16 fevral kuni jarohatdan so'ng Santos safida 2026 yil hisobidan ilk bor maydonga tushdi.






