Adliya vazirligi O‘zbekiston OТМlarida to‘lov-kontrakt to‘lash tartibiga oid yangilangan nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Unga ko‘ra, endi shartnomaning birinchi to‘lovi avvalgidek 50 foiz emas, balki 25 foizni tashkil etadi.
Abituriyentlar mazkur miqdorni 15 sentyabrgacha to‘lashi lozim. Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa kamida 25 foiz to‘lovni 1 oktyabrgacha yoki OTM rahbari belgilagan muddatgacha amalga oshirish talab etiladi.
Qolgan qismi bosqichma-bosqich to‘lanadi: kamida 50 foizi — 1 yanvarga qadar, 75 foizi — 1 martga qadar, to‘liq summasi esa 1 mayga qadar yoki rektor uzaytirgan muddatga qadar to‘lanishi mumkin. Zaruratga ko‘ra Davlat komissiyasi bu muddatlarni cho‘zishi mumkin.
Shuningdek, kontrakt tushumlari istiqbolli yosh pedagoglar va ilmiy kadrlar malakasini oshirish hamda ularning xorijda stajirovka o‘tashiga yo‘naltiriladi.
Talabalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida OTMlar bir talaba uchun yiliga eng kam ish haqining 6 baravarigacha — 7,6 mln so‘mgacha moddiy yordam ajratishi mumkin bo‘ladi.






