AsosiySiyosat

Mirziyoyev BAAning Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri bilan nimani muhokama qildi?

Uchrashuv haqidagi toʻliq maʼlumot prezident matbuot xizmati tomonidan ochiqlandi.

'Mirziyoyev BAAning Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri bilan nimani muhokama qildi?'ning rasmi

Kecha, 28 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-G‘arg‘aviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv avvalida vazir davlat rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomini va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston – BAA do‘stligi va strategik sherikligini yanada mustahkamlash, shuningdek, joriy yilning yanvar oyida BAAga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Keyingi yillarda BAA hukmati bilan 40 dan ortiq yo‘nalishlarda 300 dan ziyod tashabbuslar, jumladan, “Hukumat akseleratori”, “Bir million dasturchi” va “Yosh yetakchilar” kabi muhim dasturlar amalga oshirilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlat boshqaruvini samaradorligini oshirish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha qabul qilinayotgan yangi besh yillik dasturni keng ko‘lamda amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Byurokratiyani kamaytirish, sun’iy intellekt sohasida 5 million nafar prompt-muhandisni o‘qitishda BAAning ilg‘or tajribasini joriy etish hamda “Yosh avlod” va “Kitob chellenji” loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kelajakdagi oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olindi. Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev va vazir Muhammad al-G‘arg‘aviy O‘zbekiston - BAA munosabatlari tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

    Boshqa yangiliklar