3 dekabr kuni Rossiya Hukumatining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘ldi. Uchrashuvda Nijniy Novgorod va Omsk viloyatlari, Bashqirdiston va Krasnoyarsk o‘lkasi rahbarlari ham qatnashdi.
Mehmonlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va tilaklarini yetkazdi. Tomonlar yuqori darajadagi muzokaralarda kelishilgan “yo‘l xaritasi” ijrosi, o‘zaro savdo hajmining o‘sishi hamda sanoat, energetika, transport va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar borishini muhokama qildi.
Hududlar va biznes darajasidagi hamkorlikni kengaytirish, sanoat zonalaridagi kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhim ekani qayd etildi. Bugun Toshkentda o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi natijalari ham ijobiy baholandi.
Shuningdek, Rossiyaning yetakchi kompaniyalari IT, energetika, mashinasozlik, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni taqdim etdi.






