— Kollejni tugatganimdan keyin oilaviy sharoitimiz tufayli bozorda savdo qila boshladim. Shu erda bir yigit bilan tanishib, uni yoqtirib qoldim. Bu haqda kim bilan gaplashishni bilmay turganimda, o`zi telefon raqamimni topib, qo`ng`iroq qildi. Bir necha oy davomida gaplashib yurdik. Uyimizga sovchilarini yuborish niyatida ekanligini aytganida, yuragim qinidan chiqib ketay dedi. Lekin bu haqda onamga aytsam, u kishi «Qizim, hali yoshsan, buning ustiga, biz hozir to`y qiladigan sharoitda emasmiz», dedi. Sovchilarga ham shu javobni aytib, rad etishdi. Ular «Rozilik berishmadimi, endi bu xonadonga qaytib qadam bosmaymiz», deb ketishibdi. Shundan keyin ko`ngil qo`ygan insonim bilan bir necha bor qo`ng`iroqlashdim. U nuqul ota-onamni ko`ndirishimni so`rardi. Oxirgi marta suhbatlashganimizda esa shu kunlarda onasining qistovi tufayli bir qiz bilan ko`rishganini, u yoqmaganligini aytgandi. Siqilib ketayapman, ota-onasi boshqa qizga uylantirib qo`yishidan xavotirdaman...
Zarina, 17 yosh, Navoyi viloyati
Qaynonajon: — Agar yigit sizni sevsa, bir-ikki yil kutadi. Orziqib kutilgan yor qadrli-da baribir. Ota-onangiz juda to`g`ri fikr yuritishgan — siz hali yoshsiz. Ota-ona farzandining oilaga tayyor ekanligiga, ona bo`lish uchun ham ma`naviy, ham jismoniy jihatdan etilganiga, mustaqil hayot ostonasiga qadam qo`yib baxtiyor yashay olishiga ko`zi etsagina, turmushga uzatishadi. Axir jigarbandining to`y-tomoshasini ko`rib, quvonchlarga to`lishni kim ham istamaydi, deysiz?! Har bir ishning vaqt-soati bor, bolajonim. Shoshilgan qiz erdan yolchimas, deydi xalqimiz. Turmush masalasida hech qachon shoshilmang, kattalar nima desalar, ularning maslahati va roziligi bilan qadam bosing, albatta, baxtli bo`lasiz. Aqlli, sabr-bardoshli, o`z haq-huquqi va qadr-qimmatini qadrlaydigan qiz bo`lishingizni tilab qolamiz.
Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Qiz bolaning ostonasini supurib kelgan ayollar bunday qo`pol so`zlarni aytishlari shu xonadon egalari va qizga nisbatan odobsizlik, nazarimda. Shundan keyin ham ular o`zi qanday insonlar ekan, degan savol sizni o`ylantirmadimi? Axir oila ikki insonning muhabbatidangina iborat emas. Ularning ota-onalari, qarindosh-urug`lari ham yoshlarning hayotiga o`z ta`sirini o`tkazishlari bor gap. Agar yigitning muhabbati shu kichik sinovdan o`ta olmagan ekan, turmushning ulkan qiyinchiliklari qarshisida qanday yo`l tutishini o`zingiz tasavvur qilib ko`rishingiz mumkin. Azmu qarorida qat`iy turmaydigan yigitdan yaxshi turmush o`rtoq chiqishi dargumon. Yigitni haddan tashqari ideallashtirib yubormaslikni maslahat beraman.