Ma’lum qilinishicha, Tojikiston Respublikasidan O‘zbekistonga kirib kelgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari, Farg‘ona viloyati bo‘yicha DXX boshqarmasi hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida sinchkovlik bilan tekshirilgan. Avtomashinani O‘zbekiston tumanda yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqarib kelgan.
Tekshiruv jarayonida transport vositasi yoqilg‘i bakining ichiga yashirilgan holda sof og‘irligi 10 kg 739 gramm “gashish”, 412 gramm “marixuana”, 35 gramm “opiy” hamda 6945 dona “Royal” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Barcha ashyoviy dalillar belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ayni paytda tergov harakatlari davom ettirilib, gumonlanuvchining jinoyiy aloqalarini aniklash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.






