AsosiyJAMIYAT

Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Gruziyaga boradi

Uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

'Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Gruziyaga boradi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2–3 iyul kunlari Gruziya Bosh vaziri Irakliy KobaXidzening taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tbilisi shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziya Prezidenti Mixail KavelaShvili hamda Bosh vaziri Irakliy KobaXidze bilan oliy darajadagi muzokaralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashadi.

Shuningdek, sanoat, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Muzokaralar kun tartibidan transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, mahsulotlar eksporti geografiyasini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishi kutilmoqda.

Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar