AsosiySalomatlik
25233

Kichkina oyoqchaning katta tashvishlari yoki bolalardagi ortopedik muammolar haqida

Aksar ota-onalar bola ilk qadamlarini poyabzal bosgani ma`qul deb hisoblaydi. Go`dakning oyoqlarida muammo bo`lmagandagina yalang oyoq yurish muskullarni rivojlantirishga yordam berishi mumkin. Biroq tashqi (muzdek pol, issiq asfalt, o`tkir qirrali toshlar va b.) hamda ichki (organizm, salomatlik bilan bog`liq muammolar) omillar yalang oyoq yurish imkoniyatini bermasa, to`g`ri poyabzaldan foydalangan ma`qul. Ular oyoq kaftini sog`lom rivojlantirishga yordam beradi.

Bolaning oyoq kafti 5-6 yoshiga qadar rivojlanadi. Aynan mana shu davr ichida sog`lom oyoqlarni «tarbiyalash» imkoniyati katta bo`ladi. Chunki vaqt o`tgani sari suyaklar mustahkamlanib, jiddiy davolash usullarini talab etadi.

Yassi oyoqlilik: qachon va qanday aniqlanadi?

Yassi oyoqlilik tug`ma, raxitning asorati, falajlik, bolaning o`z tana og`irligini ko`tara olmasligi, erta yurish, jarohat oqibati bo`lishi mumkin. Tug`ma yassi oyoqlilik kam uchraydigan holat.

 3-4 yoshgacha bo`lgan bolalarda yassi oyoqlilik fiziologik holat sanaladi. Bolaning yoshi kattalashgach, o`tib ketishi mumkin. Oyoq mushaklarini mustahkamlash va yassi oyoqlilikning oldini olish uchun ko`proq tuproq, qumda yalang oyoq yurish lozim. Bolalarga ortopedik poyabzalni faqat ortoped shifokorning tavsiyasi bilan maxsus tekshirish usullari, masalan, kompyuter-plantografiyasidan so`ng buyuriladi. Ortopedik poyabzalni sog`lom bolalarga shifokor tavsiyasisiz kiydirmagan ma`qul. Chunki u bolaning oyog`ini og`ritishi, kichkintoyga og`irlik qilish ehtimoli bor.

Ortopedik poyabzal qanday bo`lishi kerak?

Haqiqiy ortopedik poyabzalning ichki qismiga supinatorli charm patak yopishtirilgan bo`ladi. Aynan shu supinator oyoq kafti yassilanib qolishining oldini oluvchi va davolovchi vosita hisoblanadi. Supinator bola oyog`ini jismonanan to`g`ri joylashishini ta`minlaydigan poyabzalning tag charmi yonboshidagi do`nglik hisoblanadi. Sifatli ortopedik poyabzala tabiiy charm va nubukdan foydalaniladi. Ular sun`iy materiallarga qaraganda egiluvchanligi, namlikni tez bug`lanishi va havoni yaxshi aylantirishi bilan ajralib turadi.  Ba`zida poyabzalning o`rniga patak-supinatorning o`z tavsiya etiladi. Buning afzal jihati shundaki, istalgan oyoq kiyim ichiga bu patakni solish va olib tashlash imkoniyati bor. 

Ortopedik poyabzalning o`zi bilan kasallikdan butunlay xalos bo`lish qiyin. U profilaktik davolash usuli, xolos. Shunga qaramay, uning ishtirokisiz davolash choralarini ko`rib bo`lmaydi. Qo`shimcha uqalash va ba`zi fizioterapiya muolajalarini qabl qilish lozim.

Qaerdan olish mumkin?

Ortopedik poyabzallar buyurtma asosida tayyorlatiladi. Buyurtma qilingan bir juft poyabzal o`rta hisobda 90 ming so`m turadi. Ma`lum muddat, ko`pincha, bir oyda tayyor mahsulotni olishingiz mumkin. Buyurtma berishga borganda ortoped xulosasi va bolaning o`zi bo`lishi shart. Buyurtma poyabzallarning qulayligi shundaki, uning andozasi, rangi, tagcharmini tanlash mumkin. Avvaliga yarim narxi to`lanadi. Oyoq kiyim tayyor bo`lganida mijoz farzandi bilan birga chaqiriladi, qayta o`lchab ko`riladi. Muammo bo`lmasa, to`lovning ikkinchi yarmi amalga oshiriladi.  Ortopedik poyabzal bolaning oyoq o`lchamiga mos bo`lishi etiladi. Kichik yoki katta o`lchamdagi ortopedik poyabzalning hech qanday foydasi bo`lmaydi. Uni qancha muddat kiyib yurish bolaning holatiga ko`ra belgilanadi. Lekin shifokor-ortopedlarning fikriga ko`ra, 7 yoshgacha kiydirgan ma`qul.
 

Shuningdek, ortopedik poyabzal...

  • Bir yoshga etmay turib yurib ketgan;
  • Vazni og`ir;
  • Tez-tez kasal  bo`ladigan, holsiz bolalarga tavsiya etiladi. 

Oliy toifali shifokor, travmatolog-ortoped Rustam QOBILOV tavsiyalari  asosida

Dilnoza Shuhrat qizi tayyorladi.

Boshqa yangiliklar