AsosiyJamiyat

DHX va IIV hamkorligida jinoyatchilikka qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirda 8 kishi qo‘lga tushdi

Respublikaning 6 hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda narkotik va psixotrop dori savdosi bilan shug‘ullanuvchilardan tortib, xonadonida qimorxona tashkil qilgan “biznesmen” ham qo‘lga olindi.

'DHX va IIV hamkorligida jinoyatchilikka qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirda 8 kishi qo‘lga tushdi'ning rasmi

Mamlakatimizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida joriy yilning 20 yanvaridan boshlab DXX va IIV hamkorligida respublika miqyosida tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar o‘tkazilmog‘da.

Guliston shahrida harakatlanayotgan 2002 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Gentra” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, haydovchining uyali telefonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalariga oid ma’lumotlar olindi.

Tezkor surishtiruv tadbirlari natijasida, u 2025 yilning dekabr oyidan buyon “Telegram” messenjeridagi tegishli kanallarda bir vaqtning o‘zida “kladmen” va “kimyogar” lavozimlarida ishlab kelganligi hamda Guliston shahrida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlandi.

Ushbu manzildan taxminiy chakana narxi 1,8 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 2 kg 787 gr “Pregabalin”, kapsula ko‘rinishidagi 1900 dona “Pregabalin” va 150 dona “Tropikamid” hamda 1 litr “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda ularni tayyorlashda foydalaniladigan turli anjomlar rasmiylashtirib olindi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmog‘da.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Toshkent shahrida yashovchi, 1983, 1988 va 1998 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs 36 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasiini shartli xaridorga 3 mln so‘mga sotgan vaqtlarida uslandi. Shuningdek, ularga tegishli “Spark” rusumli avtomashinadan 108 dona “Regapen” va 89 dona “Zardeks” dorilari ham olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan biri tomonidan Yunusobod tumanida ijaraga olingan xonadondan ham kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 7784 dona “Regapen” va 200 dona “Zardeks” dorilari olindi.

Dastlabki surishtiruv davomida, ularni bu turdagi dori vositalari bilan Qo‘qon shahrida yashovchi, 1994 y.t. fuqaro ta’minlab kelganligi aniqlanib, Qirg‘iz Respublikasidan kontrabanda qilingan 5000 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini poytaxtga olib kelgan vaqtida, u ham uslandi.

Tezkor tadbirlar natijasida jami 13217 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida poytaxtimizning M.Ulug‘bek tumanida tovlamachilik jinoyatini sodir etgan guruh qo‘lga olindi. Jumladan, 1995 y.t. shaxs o‘zining 4 nafar sheriklari bilan birgalikda oson pul topish maqsadida 2 nafar fuqaroni urib, tan jarohati yetkazish yo‘li bilan ularning 500 AQSH dollarini o‘zlashtirib olishgan. Mazkur holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahrida yashovchi, 2003 y.t. shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 169, 104, 227, 168-moddalari bilan bir necha marta sudlangan bo‘lsada, to‘g‘ri yo‘lga o‘tmasdan, hozirda “Malika” savdo majmuasida telefon oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib, o‘zgalarga nisbatan bezorilik, tovlamachilik va zoravonlik harakatlarini amalga oshirib kelgan.

Xususan, u avvaldan o‘ziga tanish bo‘lgan fuqaroga pulini keyinroq berish sharti bilan 4 dona “iPhone 17 Pro Max” rusumli telefonini sotgan bo‘lsada, lekin o‘rtada yuzaga kelgan kelishmovchilik tufayli o‘tkir tig‘li jism bilan uning yuz va qorin qismiga ko‘p marta urib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Hozirda u qo‘lga olinib, Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi, 1967 y.t. shaxs o‘zining yashash xonadonida 10 nafar fuqaro ishtirokida qimor o‘yinlarini tashkil etganligi aniqlandi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qimor o‘yiniga tikib o‘ynalayotgan jami 140 mln so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda qimorxona tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 278-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qolgan shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga muvofiq chora ko‘rildi, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar