Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Katta Chimyon” tog‘ida adashib qolgan ikki nafar fuqaro qutqaruvchilar yordamida xavfsiz hududga olib chiqildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 8 iyun kuni soat 19:35 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga “112” tizimi orqali ikki nafar fuqaro tog‘da sayr qilib yurib, yo‘ldan adashib qolgani va mustaqil ravishda pastga tusha olmayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan hodisa joyiga FVV qutqaruvchilari jalb qilinib, hududda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan.
Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, sog‘-salomat holatda xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.






