Alisher Navoiy nomli kino saroyida rejissyor Abduvohid G`anievning “Ustyurtga yo`l” deb nomlangan film taqdimoti bo`lib o`tdi.
Mazkur film “O`zbekkino” milliy agentligining buyurtmasi bilan “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasida suratga olingan.
Filmda bosh rollarni Akbarxo`ja Rasulov, Adiz Rajabov, Kupjursin Allanazarov, Shahzoda Matchonova, Nargiza Salmonova, Abduraim Abduvahobov, Bazarbay Nazarimbetov singari aktyor va aktrisalar ijro qilishgan.
Taqdimotga musiqa va kino olami vakillari, xususan Madina Mumtoz, Akbarxo`ja Rasulov, Adiz Rajabov, Shahzoda Matchonova, Nargiza Salmonova, Abduraim Abduvahobov, Hilol Nasimovlar mehmon bo`lishdi.
Bundan tashqari taqdimotda Uz-Kor Gaz Chemical O`zbekiston-Janubiy Koreya qo`shma korxonasi boshqaruvi raisi Li Xong Yol ham ishtirok etdi.
Film haqida bosh rol ijrochisi Akbarxo`ja Rasulov shunday deydi:
“Filmda o`z ishining fidoyisi obrazini gavdalantirganman. Bu inson haqiqatdan ham Uz-Kor Gaz Chemical O`zbekiston-Janubiy Koreya qo`shma korxonasida faoliyat yuritadigan, hayotda bor inson. Filmni suratga olish bahonasida balki umrim mobaynida yo`lim tushmaydigan, ko`rmaydigan go`zal maskanlarni ko`rdim. Faqatgina kitoblarda o`qigan «Borsa-kelmas» degan joydagi “Tuz koni”ga bordik. So`z bilan ta`riflab bo`lmaydigan darajada hayratlanarli voqealar juda ko`p bo`ldi. Film haqida, voqealar rivojini muxlislarimiz filmni ko`rib o`zlari baho berishlari mumkin.”
Film 21 dekabrdan boshlab yurtimiz kinoteatrlarida namoyish qilinmoqda.