AsosiyDunyo

Deputat sobiq xotinini o‘lasi qilib kaltakladi

Ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari boshlandi.

'Deputat sobiq xotinini o‘lasi qilib kaltakladi'ning rasmi

Qirg‘iziston parlament deputati Eldar Sulaymonov sobiq rafiqasiga muntazam zo‘ravonlik qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda uning sobiq rafiqasi Asel Azamatova "Threads" ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi, deb yozmoqda BBC nashri.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, ular 2016 yilda oila qurgan, dastlabki yillar nisbatan tinch o‘tgan. Biroq ikki yildan so‘ng turmush o‘rtog‘i unga qo‘l ko‘targan. Asel Azamatova zo‘ravonliklarga chidashining sababi — farzandlarini otasiz qoldirmaslik bo‘lgan.

2022 yilda homiladorlik davrida jiddiy kaltaklanib, qon ketishi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlar homilani saqlab qolish imkoniyati kamligini aytgan. Shu paytda u huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan, ammo keyinchalik erini kechirgan. Zo‘ravonlik davom etgani sababli u uch farzandi bilan ajrashishga majbur bo‘lgan.

Ayolning hikoyasiga ko‘ra, sobiq eri bolalar ta’minotini berishdan bosh tortgan va kundalik hayotni qiyinlashtirgan. 2023 yil 28 iyulda u bolalarni olib ketishga harakat qilganida, Asel xavfsizlik uchun qarshilik ko‘rsatib, ko‘chaga yugurib chiqib, mashinaning oynasini sindirgan. Natijada uni besh oylik bolasi bilan uch sutkaga izolyatorga joylashgan. Keyinchalik sud jarayonlari bo‘lib o‘tgan va ayol aybdor deb topilgan.

2024 yil 6 aprelda Asel Azamatova sobiq turmush o‘rtog‘ining uch farzandi ko‘z o‘ngida uni kaltaklaganini bildirgan va yana militsiyaga murojaat qilgan.

Jog‘orqi Kengesh deputati Eldar Sulaymonov hozircha bu voqea yuzasidan hech qanday izoh bermadi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Sultan Makilov tekshiruv ishlari boshlangani ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar