AsosiyJAMIYAT

Kiev Qrimdagi strategik temiryo‘l ko‘prigi yo‘q qilinganini bildirdi

Ukraina Qurolli kuchlari anneksiya qilingan Qrim yarim orolida joylashgan strategik ahamiyatga ega temiryo‘l ko‘prigi yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

'Kiev Qrimdagi strategik temiryo‘l ko‘prigi yo‘q qilinganini bildirdi'ning rasmi

Ukraina Maxsus operatsiyalar kuchlari tarqatgan bayonotga ko‘ra, Shimoliy Qrim kanali ustidagi mazkur ko‘prik Rossiya armiyasining janubiy frontdagi asosiy logistika tarmoqlaridan biri hisoblangan.

Kiyevning ta'kidlashicha, ushbu ob'ekt orqali Rossiya hududidan Qrim va front chizig‘iga harbiy texnika, qurol-yarog‘ hamda boshqa ta'minot vositalari yetkazib berilgan.

Ukraina harbiylari hujum ikki bosqichda amalga oshirilganini bildirmoqda. Ma'lum qilinishicha, 22 iyunga o‘tar kechasi dronlar yordamida berilgan zarba oqibatida ko‘prikning bir qismi vayron bo‘lgan. Keyingi kechada esa ob'ektni ta'mirlash uchun jalb qilingan maxsus texnika yana dron hujumiga uchragan.

Maxsus operatsiyalar kuchlari mazkur amaliyot Rossiya armiyasining ta'minot zanjirlariga zarba berish va uning jangovar imkoniyatlarini cheklash maqsadida o‘tkazilganini qayd etgan.

Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari Ukraina tomonining bu bayonotiga hozircha munosabat bildirmagan. Ko‘prikning to‘liq vayron qilingani haqida ham mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan ma'lumot mavjud emas.

So‘nggi oylarda Ukraina Qrim va Rossiya nazorati ostidagi hududlarda joylashgan harbiy infratuzilma, aerodromlar hamda logistika ob'ektlariga qarshi dron hujumlarini faollashtirgan. Kiyev bu harakatlar Rossiya qo‘shinlarining ta'minot tizimini izdan chiqarishga qaratilganini ta'kidlab kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar