AQS Adliya vazirligi Nyu-Yorkda faoliyat yurituvchi va oʻzbek madaniyatidan ilhomlangan "Poetica Coffee" qahvahonalar tarmogʻiga nisbatan fuqarolik huquqlari buzilishi ehtimoli boʻyicha tergov boshladi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Tergovga AQSh Vakillar palatasi aʼzosi Den Goldmanga xizmat koʻrsatishdan bosh tortish haqidagi bayonot sabab boʻlgan. AQSh Adliya vazirligining Fuqarolik huquqlari boʻyicha boʻlimi rahbari Xarmit Dhillon mazkur holat yuzasidan tekshiruv oʻtkazish boʻyicha topshiriq berganini maʼlum qildi.
"Bunday harakatlar nafaqat qoralanishi lozim, balki qonunga zid boʻlishi ham mumkin. Agar qonunbuzarlik alomatlari aniqlansa, tegishli huquqiy choralar koʻriladi", deb yozdi u oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Maʼlum boʻlishicha, Bruklin va Ist-Villij hududlarida bir nechta filialga ega boʻlgan "Poetica Coffee" 21 iyun kuni qahvahonalardan biriga tashrif buyurgan Den Goldman haqida ijtimoiy tarmoqlarda keskin mazmundagi bayonot eʼlon qilgan.
Unda muassasa irqchilik, fashizm, gomofobiya va genotsidni qoʻllab-quvvatlovchi shaxslarga xizmat koʻrsatmasligi bildirilgan. Shuningdek, Goldman sarflagan 9,82 dollar mablagʻ qaytarib berilgani va uning kelgusida qahvahonaga tashrif buyurmasligi soʻralgan.
Qahvahona asoschisi Parviz Muhammadqulov hozircha holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Den Goldman esa mazkur holat boʻyicha federal tergov oʻtkazilishini toʻgʻri deb hisoblamasligini bildirgan. Uning fikricha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar oʻz resurslarini oddiy fuqarolarga nisbatan sodir etilayotgan antisemitizm holatlarini oʻrganishga yoʻnaltirishi lozim.
Hozircha Adliya vazirligi "Poetica Coffee"ga nisbatan qaysi huquqiy asoslar boʻyicha chora koʻrishi mumkinligi maʼlum emas.
AQSh federal qonunchiligi va Nyu-York shtati qonunlariga koʻra, korxonalar mijozlarga irqi, dini, jinsi yoki milliy kelib chiqishiga qarab xizmat koʻrsatishni rad etishi taqiqlanadi. Biroq ushbu talablar siyosiy qarashlar yoki mafkuraviy pozitsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Maʼlumot uchun, Den Goldman Demokratik partiyaning Isroilni qoʻllab-quvvatlovchi siyosatchilari qatorida sanaladi va oʻzini sionizm gʻoyalarining tarafdori sifatida taʼriflab keladi.






