Armaniston poytaxti Erevanda ilk marotaba muzli ertak shaharcha yaratildi, deb xabar berdi “Mir24.tv” nashri.
Muzdan ertak shaharchani yaratgan haykaltaroshlarning ko`ngli to`q, chunki ular yaratgan san`at asarlari qahraton sovuq tufayli hali-beri erib ketmaydi. Ayni kunlarda Erevanda so`nggi 40 yil mobaynidagi eng kuchli sovuq harorat kuzatilmoqda. Sinoptiklar havo harorati minus 35 darajaga tushish ehtimoli borligi haqida bashorat qilishdi.
Muzli shaharchada Qor malikasining haqiqiy saroyini, multfilm qahramonlarini, Qorbobo va Qorqizni uchratish mumkin. Erevanning jasur va sovuqqa chidamli aholisi muzli shaharchani tomosha qilishga kelib, uning go`zalligiga tan berdilar. Muzli shaharchada faqatgina qo`shiq aytib, raqsga tushish orqaligina isinish mumkin. Yangi yil ta`tili paytida muzli sahnada konsertlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.





