Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Jizzax viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, kelgusi ikki yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot o‘sishini 8,5 foizga yetkazish, xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksportni esa 500 million dollarga chiqarish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda sanoatni jadallashtirish doirasida qo‘rg‘oshin-rux, volfram, oltin va boshqa konlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, “drayver” loyihalari infratuzilmasini mustahkamlash uchun joriy yilda 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, turizm, shaharsozlik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qator aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Prezident mutasaddilarga har bir loyihani aholi bandligi va turmush darajasini oshirish bilan uzviy bog‘lab amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.






