1

Papilloma – eng keng tarqalgan virus infeksiyasi 13 savolga – javob

Salomatlik 23.12.2016, 09:52
Teglar: Salomatlik, Kasallik
Papilloma – eng keng tarqalgan virus infeksiyasi 13 savolga – javob

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, papilloma virus infeksiyasi eng keng tarqalgan kasalliklardan biri sanaladi. Ko`pchilik uni so`gal yoki xol bilan adashtiradi. Aslida esa  teri ustki qavatida yuzaga kelgan  bu hosila jiddiy asoratlarga olib kelishi ham mumkin. Xo`sh, papillomani xol yoki oddiy toshmadan qanday farqlash mumkin? Davosi bormi? Bugun shu haqida suhbatlashamiz.

Mutaxassis – shifokor dermato-venerolog Rustam ZOKIROV

 

BU QANDAY XASTALIK?

Papilolloma virusli kasallik bo`lib, bemordan sog`lom odamga yuqishi bilan ifodalanadi. Uning oddiy so`galdan to genital kandiloma kabi 100 dan ortiq xili mavjud. Ayrim ko`rinishlari esa onkologik xastaliklarni ham keltirib chiqaradi. Jumladan, ayollardagi bachadon bo`yni saratonida papilloma virusi ko`p bor aniqlangan.

 

QANDAY YuQADI?

Qo`l yoki bo`yin, yuz qismida papilloma toshmasi bo`lgan bemor bilan quchoqlashib ko`rishasiz, hosila mavjud teri qavatiga qo`lingiz tegadi. Ana shu holatda terining bir-biriga ishqalanishi sodir bo`lib, virus infeksiyasi yuqadi.  Shu bilan birga bemor artingan sochiq, shaxsiy gigiena vositalari, taqinchoqlar, sharf yoki qo`lqopdan foydalanish ham virus yuqishiga olib kelishi mumkin. Virus ta`sirining faollashishi imunitetga bog`liq. Immun tizimi chiniqqan odamlarda papilloma 10-15 yildan keyin ham yuzaga chiqishi mumkin. Aksi bo`lganida esa 2-3 haftalarda virus faollashishi kuzatiladi. Jinsiy a`zolarda kelib chiqqan papilloma esa jinsiy yaqinlik vaqti er-xotindan bir-biriga yuqaveradi. Shu bois kasallik aniqlanganida juftliklarning ikkisi ham har ehtimolga qarshi tibbiy ko`rikdan o`tishi tavsiya etiladi.

 

KIMLARDA UChRAYDI?

Xastalikda yosh ko`rsatkichi mavjud emas. Go`daklardan to katta yoshlilargacha virus yuqtirib olishi mumkin. Aksariyat hollarda papilloma bolaning kichikligida so`gal yoki teri ustki hosilasi sifatida paydo bo`ladi. Ammo «teginib bo`lmaydi»  qabilida ish ko`rilgani bois virus o`z xolicha qolib ketadi. Organizm ulg`aygani sayin papilloma ham kattalashaveradi. Shuning uchun ham ko`proq kattalarda uchraydi, degan tushuncha bor.  Aslida esa vaqt o`tishi bilan rivojlanib, ko`zga tashlanib qoladi, xolos.

 

QAYSI SOHADA KO`PROQ?

Papillomaning keng tarqalgan ko`rinishi bo`yin sohasida uchraydi. Mayda, toshma singari xili bir qarashda xoldek ko`rinishi mumkin. Aslida esa virus infeksiyasi bo`ladi. Bunda pappiloma hosilasi uchli, bir-biriga tutashgan yoki alohida ko`rinishda bo`ladi. Shu bilan birga qo`l kaftining ustki qismida yassi so`gallar, yuzda, ko`z qovoqlari, qo`llarda, tovonda  ham kuzatilishi mumkin.  Papillomada (agar u teri ishqalanish sohasida bo`lmasa) jiddiy bezovtalik bo`lmaydi. Shuning uchun ham bemor organizmidagi o`zgarishlarni sezmay qoladi.

 

BITTADAN TOShADIMI YoKI BIR NEChTAMI?

Asosiy gap immunitetga bog`liq. Agar immun tizimingiz pand bermasa, virus ko`paymaydi. Hatto o`z-o`zidan so`rilib ketishi ham mumkin. Immunitet sust bo`lganida esa hosila kattalashishi yoki yon atrofiga tarqashi ehtimoldan xoli emas. Bo`yinda yuzaga kelgani libos yoqasi yoki sharf bilan ta`sirga kirishib, ustki qismi ishqalanadi. Shuning hisobiga papillomada zararlanish, tilinish yoki qonash kabilar yuzaga kelishi mumkin. Bu esa virusning ko`payishi uchun zamin yaratadi.  Bo`yin, qo`ltiq osti, ko`krak sohasidagi papillomalar ham teri ishqalanishi hisobiga tez ko`payadi.

 

IChKI A`ZOLARGA HAM TOShADIMI?

Bo`lishi mumkin. Uning nafas yo`llari, bronxlar, ichki a`zolardagi shilliq qavatlar hamda og`iz bo`shlig`ida yuzaga kelish ehtimoli bor. Bunda ichki a`zolarda aniqlangan papilloma holati va ko`rinishiga qarab, davolaniladi.

 

HOMILADORLIKDA DAVOLAB BO`LADIMI?

Bu davrda ayolning immun tizimi anchayin sustlashib qoladi. Shunga ham shamollash, surunkali kasalliklarning avj olishi kuzatilishi mumkin. Ma`lumotlarga ko`ra, homiladorlarda papillomaning genital a`zolarga toshishi ko`proq kuzatiladi. Bunda virus qon orqali homilaga yuqmaydi. Ammo tug`ruq yo`llariga tarqashi mumkin. Xavfli tomoni esa tug`ruq jarayonida bola terisi bilan ta`sirlanib, uni ham zararlaydi. homiladorlarda aniqlangan papillomani lazer apparati yordamida davolash mumkin. Biroq muolaja birinchi uch oylikdan so`ng bajariladi.

 

VIRUS TOShMASINI EKTIRISh ShARTMI?

Bu savolga dermatolog shifokor ko`rigidan so`ng javob olish mumkin. Malakali mutaxassis ko`rik chog`i toshma xili, holati va o`lchamiga ko`ra, gistalogiya qilinadimi yoki yo`qmi aniqlay oladi. Agar biror ikkilanish bo`lsa, aytaylik hosila usti, atrofi qizargan, shishgan yoki biror ajralmalar kuzatilsa, olib tashlaganidan so`ng ektirish uchun yo`naltiriladi. Genital sohadagi kandilomalarda esa surtma (jinsiy a`zo, qinda bo`lsa) olinadi, onkogen hamda gistalogiya tahlil tekshiruvlariga yuboriladi.

 

MUOLAJA USULLARI: QAY BIRI AFZAL?

Shifokor ko`rigidan so`ng papillomani olib tashlash uchun muolaja usullari tanlanadi. Bunda kimyoviy va ishqorli preparatlar, quyuq azotli kreodistruktor hamda elektrodlar ta`sirida kuydirib olib tashlash muolajalari qo`llanilishi mumkin. Bugungi kunda eng samarali usullardan biri sifatida e`tirof etilayotgani esa lazerli muolaja hisoblanadi. Bunda papilloma hosilasi lazer nuri yordamida kuydiriladi. Afzalligi teri  shikastlanishi nisbatan kam va nojo`ya ta`sirlari yo`q.

 

KEYIN HAM DAVOLANILADIMI?

Papilloma olib tashlangach, bemor ikki haftada, so`ng bir oyda bir marta tibbiy ko`rikdan o`tishi lozim. Qolaversa, immunitetni mustahkamlovchi, viruslarga qarshi dorilar buyuriladi. AFSUSKI, ShU KUNGA QADAR PAPILLOMA VIRUSINI BUTUNLAY DAVOLAShGA MO`LJALLANGAN PREPARAT IShLAB ChIQILMAGAN.  Virus borligi bir marta aniqlangach, muolajadan keyin ham organizmda saqlanib qoladi. Qachonki immunitet sustlashsa, u yana faollashishi mumkin.

 

TERIDA O`ZGARISh BO`LMAYDIMI?

Muolaja yakunlangach, zararlangan teri ustki qavatida ba`zi o`zgarishlar kuzatilishi mumkin. Ammo bular vaqtinchalik holat. Kuydirilgan toshma o`rnida po`stloq hosil bo`lib, asta-sekinlik bilan qurib tushadi. (bu vaqtda muolaja qilingan teriga suv tegmasligi lozim.) So`ng teri qatlamida pigmentasiya yuz beradi. Papilloma o`lchami katta bo`lganida esa terida chandiq qolish ehtimoli bor.  

FOTO: shifokor ko`rigidagi bemor

 

KASALLIK NASL SURADIMI?

YO`Q. U faqatgina yuqumliligi hisobiga tarqashi mumkin. To`g`ri, ba`zida «otamda yoki onamda shunday bo`lgandi» kabi so`zlarni eshitib qolamiz. Ammo bu nasliy moyillikni belgilamaydi. Bir oila a`zolari umumiy narsalar, masalan, sochiq singari vositalardan foydalanishadi. Bunda esa virus bemordan sog`lom odamga tarqalaveradi.

 

UY ShAROITIDA OLIB TAShLASh MUMKINMI?

Kimdir papillomani pinset yordamida olib tashlash, boshqasi qoncho`p (chistotel) eritmasidan foydalanish kabilarni tavsiya etadi. Aslida esa har qanday teri ustki toshmasi faqat mutaxassis nazoratida davolanishi kerak. Uyda xalqona usullardan foydalanish, teri zararlanishi, toshma ko`payishiga olib kelishi mumkin. Jiddiyroq aytganda, pappiloma o`simtaga aylanish ehtimolini keltirib chiqarish hech gap emas.

 

Nomi vahimaga solgani bilan papilloma – davosi bor va o`z vaqtida muolaja qilinishi kerak bo`lgan kasallikdir. Qolaversa, sog`lig`ingiz ehtiyotini qilib, yaqinlaringiz, oila a`zolaringizning ham salomatliklarini himoyalagan bo`lasiz.

 

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi.

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1