Loyihaga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, bayroqni dastasiz vertikal holatda osish tartibi alohida modda bilan mustahkamlanadi. Unda oy va 12 ta yulduz tasviri yuqori o‘ng burchakda joylashishi, bayroqning pastki qismi esa yer sathidan kamida 30 santimetr baland bo‘lishi shartligi belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bayroqni teskari yoki estetik ko‘rinishini buzadigan holatda namoyish etish, uning ustiga buyum qo‘yish hamda hurmatsizlikni ifodalovchi har qanday xatti-harakatlar qat’iyan taqiqlanadi.
Hujjatda majlislar zallari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va diplomatik vakolatxonalarda bayroqni joylashtirish talablari ham aniqlashtirilmogda. Boshqa bayroqlar bilan birga namoyish etilganda O‘zbekiston davlat bayrog‘i markazda yoki o‘ng tomonda ustuvor tarzda joylashtirilishi lozim bo‘ladi. Ommaviy tadbirlarda esa u safning old o‘ng qanotida yoki markazida turishi, boshqa bayroqlardan keyin olib yurilishi taqiqlanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopish tartibi ham alohida modda bilan belgilanib, bu huquq kimlarga berilishi va marosimdagi joylashuv qoidalari ko‘rsatib o‘tilmogda. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi rejalashtirilgan.






