Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 6 may kuni qabul qilingan “To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida so‘z boradi.
Agentlik to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritishga mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Agentlikning to‘lovga qobiliyatsizlik sohasidagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shu jumladan, ushbu sohani nazorat qilish va tartibga solish;
- to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish.
O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi negizida barcha sud boshqaruvchilari a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi.
Palata o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy tuzilmalari bilan birgalikda sud boshqaruvchilarini birlashtiruvchi yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini tashkil etadi.






