Kechga borib oyoqlarda og`irlik, toliqish, uvishish kabi belgilar bezovta qilsa, bilingki, oyoqlaringiz yordamga muhtoj. Oyoqlar toliqqanda foydalaniladigan massaj, vanna va bir necha mashqlarni sinab ko`rishni istasangiz, quyidagi usullarga diqqat qiling.
Gimnastika mashqlari
Oyoqyalang holda xonaning bir burchagidan ikkinchisiga asta yurib boring. Harakat davomida tovondan oyoq uchigacha sekin ko`tariling. So`ngra o`tirgan holatda oyoqlaringizni to`g`riga cho`zing. Dastlab oyoq uchini qarama-qarshi tomonga, so`ngra o`zingizga qaratib cho`zing. Shuningdek, o`tirgan holatda oyoqlarni aylanma harakat bilan qimirlating.
Issiq vanna
Oyoqdagi toliqishni yo`qotish uchun moychechak (romashka) gulidan tayyorlangan damlama foydalidir. Buning uchun 1 osh qoshiq moychechak gulini 1 litr suvga damlab, 10 daqiqa qaynating. So`ngra bir oz ilitib oyoqlaringizni 10-15 daqiqa damlamaga soling. Damlamaga ozroq dengiz tuzidan solsangiz yanada samarali bo`ladi. Bu kabi issiq vannalarni bir xaftada 2-3 marta takrorlash mumkin.
Uqalash
Oyoq kaftini tovon qismidan boshlab aylanma harakatlar yordamida uqalang. So`ngra barmoqlarni ichki va tashqi tarafidan boshlab uqalab boring. Oyoqni old qismini ham engil harakat yordamida uqalagach, 10 daqiqaga oyoqlaringizni yuqoriga tekis ko`taring. Bu mashqlar yordamida qon aylanishi yaxshilanib, og`irlik kamayadi.





