Ertalab uyqudan uyg`onganingizdan so`ng ko`z osti qopchasining shishib qolganini ko`rasiz-u, ta`bingiz xiralashadi. To`g`rimi? Axir bunday ahvolda pardoz ham ko`nglingizdagidek bo`lmaydi-da. Xo`sh, ko`z ostida qopcha paydo bo`lishining sababini bilasizmi?
U juda ta`sirchan!
- Ko`z osti terisining epidermis qavati juda nozik va ta`sirchan. Shunga ham organizmdagi o`zgarishlar yoki tashqi omillarni o`zida oson aks ettiradi.
SABABLARINI ESLAB QOLING!
- Nosog`lom turmush tarzi: uyquning etarli bo`lmasligi, zararli odatlar, stress va tez-tez asabiylashish.
- Ichki a`zolar, masalan, buyrak, yurak qon-tomir yoki endokrin tizimi faoliyatidagi o`zgarishlar.
- Ko`z atrofi terisini noto`g`ri parvarishlash.
- Nasliy moyillik.
- Tashqi omillar: quyosh nuri, shamol, ob-havo o`zgarishlari kabilar.
FOYDASI BOR!
- Ko`z osti qopchalari odatiy xolga aylanib qolgan bo`lsa, taomnomangizdan sho`r, achchiq mahsulotlar, gazlangan ichimliklarni chiqarib tashlang. Shuningdek, uyqudan oldin qahva va choy ichish odatiga ham barham bering.
- Ko`p xollarda ko`z osti qopchasi noto`g`ri holatda uxlagandan ham paydo bo`ladi. Uyqu vaqti boshingiz past joylashib qolmasligiga diqqat qiling.
– Ertalab yuvinib bo`lganingizdan so`ng, ko`z osti terisini muz bo`laklari solingan doka bilan engil ishqalang. Sovuq kompress qon aylanishini yaxshilab, teridagi shishni bartaraf etadi.
- Uyqudan uyg`ongach, darhol o`rningizdan turmang. Yotgan holatda ko`z osti terisini barmoqlaringiz bilan engil shapatilang.
- Yaxshi ma`lum bo`lgan usullardan biri: ko`z osti terisiga bir kun avval ishlatilgan choy xaltasini qo`yib, 5 daqiqa kompress qiling. Agar choy xaltasi topilmasa, bir kun avvalgi choyni iliting-da, paxtaga ozroq shimdirib, kompress o`rnida foydalaning.
- Archilgan kartoshka paragi yoki bodring ham ko`z osti qopchasini «davolaydi». Bu kabi muammo bo`lmasligi uchun esa yarimta xom kartoshkani qirg`ichdan chiqarib, ko`z osti terisiga qo`ying. 5 daqiqadan so`ng iliq suvda chayib olasiz. Xom kartoshka terini oziqlantirib, tarangligini oshiradi. Qolaversa, shish yuzaga kelmasligidan himoyalaydi ham.





