Joriy yilning 25 fevral kuni 10-sinf o‘quvchisi BMWʼda urib ketgan Yo‘l-patrul xizmati xodimi kecha, 27 fevral kuni vafot etgandi. Ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xabar berdi.
Unga ko‘ra, Ichki ishlar organlarida 2022 yil ish boshlagan Xosilbek 2024 yildan faoliyatini patrul post xizmatida davom ettirgan.
Xizmat davomida qoidabuzarliklarni oldini olishda jonbozlik ko‘rsatib, yuzlab yirik xalqaro va ommaviy tadbirlarda jamoa tartibini saqlashda qatnashgan. 2014 yilda turli huquqbuzarliklarni aniklashda to‘rt nafar qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olishda faol ishtirok etgan.
12 nafar narkojinoiyatchilarning faoliyatiga chek qo‘ygan. Rahbariyat tomonidan uning ishchanligi va burchiga sadoqati, muhimi fuqarolar bilan muomalasi inobatga olinib, 2025 yildan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l xizmati inspektori sifatida xizmatga safarbar etilgan.
Xosilbek navbatdagi faoliyati davomida 1392 ta, shundan 324 ta qo‘pol qoidabuzarliklarni aniklagan.
14 ta mast haydovchini harakatiga chek qo‘ygan. Undan tashqari qarama-qarshi harakatlanish, hujjatsiz transport vositasini boshqarish va qizil chiroqqa bo‘yunsmaslik kabi 52 ta qoidabuzarliklarni aniklab, huquqbuzarlarga qonuniy chora ko‘rgan.
U joriy yilning 25 fevral kuni poytaxtning Mirabod tumani Nukus ko‘chasida begona transport vositasini olib qochib, yuqori tezlikda harakatlanaotgan voyaga yetmagan qonunbuzarni yo‘lini to‘sib, o‘z jonini ayamagan holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatni oldini olgan.
Qahramonlarcha harakat qilgan xodim og‘ir tan jarohatlar olgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam va mutaxassislarning harakatlariga qaramay, Xosilbek shifoxonada vafot etgan.
“Oilaning kenja farzandi, ota-onasining suyangan tog‘i, ikki qiz va bir o‘g‘ilning ishongan qalqoni, rafiqasining sevimli turmush o‘rtog‘i endigina 33 bahorni qarshi olayotgandi”, deydi G‘iyosov.
Sodir bo‘lgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
“Qahramon xodim, xizmatdoshlari hamda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan songgi manzilga kuzatilib, oilasi davlat muhofazasiga olinadi. Xosilbekning ko‘rsatgan jasorati esa Ichki ishlar vazirligi shaxsiy tarkibi, safdoshlari hamda u xizmat qilgan xalq qalbida mangu yashaydi. Ona-yurt o‘z qahramon farzandini hech qachon unutmaydi”, deydi G‘iyosov.






