Avvalroq, Eron dronlari Ozarbayjonning Naxchivon Avtonom Respublikasi hududiga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirdi.
Saidovning bildirishicha, suhbat davomida ozarbayjonlik ma’qeladoshi Naxchivon Avtonom Respublikasiga nisbatan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujum bilan bog‘liq holat yuzasidan batafsil ma’lumot bergan. Mazkur hujum oqibatida tinch aholi jabr ko‘rgani va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani qayd etilgan.
O‘z navbatida, O‘zbekistonning mazkur hujumlar yuzasidan jiddiy xavotiri bildirilgan. Xalqaro huquq prinsiplariga zid bo‘lgan, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligi ta’kidlangan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Bugun, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.
Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.






