Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yashnobod tumani hokimligiga aloqador ikki mansabdor shaxs pora olayotganda qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, Yashnobod tumani hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va qashshoqlikni qisqartirish masalalari bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqarodan 5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, u tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqaroning ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan turar joy xonadonini noturar joy toifasiga o‘tkazish uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ruxsat olib berish va hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashishni va’da qilgan.
Shuningdek, mazkur masalani hal qilishda Yashnobod tuman hokimiyati bo‘linma rahbari ham ishtirok etgani ma’lum bo‘lgan. Tezkor tadbir davomida usbu mansabdor shaxs 600 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda usbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.






