O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 iyul kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman as-Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Ayman as-Safadiy davlat rahbariga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki davlat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bergan.
Shuningdek, erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilda parlamentlararo do‘stlik guruhlari tashkil etilgani, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani, Ishbilarmonlar kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani hamda ikki mamlakat o‘rtasida havo qatnovlari ochilgani qayd etildi.
Tomondar kelgusida siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.






