Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Trump bilan telefon orqali suhbatda Eronning boyitilgan uran zaxirasini Rossiyaga olib chiqish g‘oyasini ilgari surgan. Bu taklif AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvning bir qismi sifatida ko‘rilgan, deya yozmoqda zamon.uz.
Manbalarga ko‘ra, Trump ushbu taklifni rad etgan. Chunki AQSh va Isroil uchun urushdagi asosiy maqsadlardan biri Eronning 60 foizgacha boyitilgan 450 kilogramm uranini nazoratga olish hisoblanadi. Mutaxassislar bu miqdor qisqa vaqt ichida qurol yaratishga yetarli ekanini aytmoqda.
Rossiya avval ham Eronning past darajada boyitilgan uranini 2015-yildagi yadro kelishuvi doirasida saqlagan va uranni qabul qilish imkoniyatiga ega davlatlardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Vashington Eronning yuqori darajada boyitilgan uranini nazoratga olish bo‘yicha bir nechta variantlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, variantlardan biri Tehronning uran zaxirasini ixtiyoriy ravishda topshirishidir.
AQSh prezidenti esa hozircha boyitilgan uranni qo‘lga olish ustuvor vazifa emasligini, biroq bu masala keyinchalik ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgan.






