O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabini tashkil etildi. Mazkur muhim ilmiy-ma’rifiy loyiha buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan «Temuriylar davri xattotlik merosi — an’analar davomiyligi» mavzusidagi seminarda e’lon qilindi.
Seminar islom san’ati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik san’atining ma’naviy va madaniy ahamiyatini keng muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
- Xattotlik maktabi Islom tsivilizatsiyasi markazida ochish tashabbusi 2025 yil 29 yanvarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan taklif etilgandi. Bir yil o‘tgach, ushbu tashabbusni barcha xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlab, Temuriylar tamadduniga bag‘ishlangan konferensiya doirasida bu loyihaga start berildi. Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir, - dedi F. Abduxoliqov tadbir ishtirokchilariga qaratilgan nutqida.
Qayd etilganidek, Temuriylar davrida xattotlik san’ati yuqori taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarilib, madaniy yuksalish ramziga aylangan. Olimlar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, turli o‘lkalardan eng mohir xattotlarni poytaxtga jamladi. Suls, nasta’liq va kufiy xat turlari o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. Qur’oni Karimning "Boysunqur" nusxasi kabi ulug‘vor asarlar bitildi.
Xalqaro ekspertlar ushbu tashabbusni yuqori baholadilar. Jumladan, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuqori estetik va ma’naviy qiymati haqida fikr bildirdi. Turkiya Qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmaz Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Buyuk Britaniyadagi Al-Furqan Islamic Heritage Foundation direktori Sali Shaxsuvari esa Temuriylar davrini haqiqiy ma’rifiy va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.
Ta’kidlanishicha, Xattotlik maktabi nafaqat ta’lim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.








