Buyuk Britaniya Rossiyaning yetti nafar fuqarosi hamda ikki ilmiy-tadqiqot muassasasiga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi. London ularni rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy va sobiq razvedkachi Sergey Skripalga qarshi qo‘llangan kimyoviy moddalarni ishlab chiqish bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etganlikda ayblamoqda.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar 2024 yilda Aleksey Navalniyga qarshi qo‘llangan epibatidin toksini hamda 2018 yilda Angliyaning Solsberi shahrida Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripalga qarshi ishlatilgan "Novichok" asabni falajlovchi moddasi yaratilishiga aloqador deb baholanayotgan shaxs va tashkilotlarga nisbatan qo‘llanilgan.
Sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning "SS Signal" davlat ilmiy-tadqiqot instituti, Harbiy tibbiyot bo‘yicha davlat ilmiy-tadqiqot va sinov instituti, shuningdek, bir qator yuqori lavozimli amaldorlar va olimlar kiritilgan.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Rossiya tomonidan kimyoviy qurollardan takroran foydalanilgani xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi va global xavfsizlikka jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiyaga tegishli Tu-142 ("Bear-F") uzoq masofali dengiz patrul samolyoti Norvegiya dengizi ustida parvoz qilganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, samolyot suvosti kemalarini aniqlash uchun mo‘ljallangan sonobuyilarni tashlagan. Shundan so‘ng u Britaniyaning ikkita F-35 qiruvchisi tomonidan hududni tark etgunga qadar kuzatib borilgan.






