Biznes-ombudsman devoni tomonidan Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining “Dizayn-kod”ga oid qarori o‘rganildi. O‘rganish natijasida hujjatning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid ekani aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi kerak. Biroq mazkur qaror ushbu talabga rioya etilmasdan qabul qilingan.
Qarorda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” va “neytral” kabi tushunchalarning huquqiy mezoni aniq ochib berilmagani qayd etilgan. Shuningdek, ranglarni birxillashtirish talabi intellektual mulk huquqlariga, xususan ro‘yxatdan o‘tgan brendlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirilgan.
Bundan tashqari, yangi talablarga moslashish uchun berilgan 3 oylik muddat yetarli emasligi, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan Biznes-ombudsman Toshkent shahar kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlikka oid qismlarini qayta ko‘rib chiqish, tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda kuchga kirish muddatini uzaytirish bo‘yicha taklif kiritgan.






