AsosiyDUNYO

Eronning marhum Oliy rahbari Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari 4 iyuldan boshlanadi

3 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eronga tashrif buyurib, motam marosimlarida ishtirok etadi.

'Eronning marhum Oliy rahbari Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari 4 iyuldan boshlanadi'ning rasmi

Eron va Iroqda mamlakatning marhum Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv munosabati bilan olti kunlik motam tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqda Eronning Tasnim axborot agentligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, vidolashuv marosimlarida 30 dan ortiq davlat rasmiylari hamda 90 dan ziyod mamlakatning diniy arboblari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha shtab rahbari Ali Akbar Purjamshidiyon Tehron’da o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy ham Oliy rahbarning vafoti munosabati bilan keng ko‘lamli motam tadbirlari tashkil etilishini hamda mintaqa davlatlari va boshqa mamlakatlar rasmiylari ularda ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqlagan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga ko‘ra, 3 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Eronga tashrif buyurib, motam marosimlarida ishtirok etadi.

Rasmiy dasturga ko‘ra, motam tadbirlari 4 iyul kuni Tehron shahridagi "Musallo" majmuasida boshlanadi. Shu kundan e’tiboran majmua ommaviy vidolashuv uchun ochiladi. 5 iyul kuni esa shu yerda janoza namozi o‘qilib, poytaxt bo‘ylab ommaviy motam yurishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, marosimlar Eronning Qum va Mashhad shaharlarida, shuningdek, shialar uchun muqaddas hisoblangan Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida ham bo‘lib o‘tadi. Ali Xomanaiyning jasadini dafn etishning yakuniy marosimi 9 iyul kuni Mashhad shahrida o‘tkazilishi belgilangan.

Ali Akbar Purjamshidiyonning ta’kidlashicha, tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Eronda yagona milliy shtab tuzilgan. Iroq tomoni ham motam tadbirlari va jasadni qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi alohida markazni tashkil etgan.

    Boshqa yangiliklar