O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Polshada o'tayotgan Super Rapid & Blitz Poland turnirining rapid bahslarini 8-o'rinda yakunladi.
Ikkinchi kunni omadsiz o'tkazgan o'zbekistonlik shaxmatchi uchinchi o'yin kunida o'zini tiklab oldi. Sindorov 6 ta partiyadan 4 ochko jamg'arib, Vladimir Fedoseev ustidan g'alaba qozondi. Shuningdek, u jahonning kuchli shaxmatchilari Fabiano Karuana va Alireza Firuzja bilan durang o'ynadi.
Chess.com nashri Sindorovning Fedoseevga qarshi partiyasini turnirning eng yorqin bahslaridan biri sifatida baholadi. O'zbekistonlik grossmeyster murakkab vaziyatlardan qochmay, hujumkor uslubda harakat qildi va yakunda g'alabaga erishdi.
Shuningdek, 9 tur yakunlariga ko'ra, Sindorov 8 ochko to'pladi. Turnir peshqadami amerikalik Xans Nimann bo'lib turibdi. Keyingi ikki kun davomida ishtirokchilar 18 ta blits partiyasida ishtirok etadi.






