AsosiySport

“Shanxay SIPG” a`zosiga aylangan Odil Ahmedov Xitoyga etib bordi

Bir necha kun avval Rossiyaning “Krasnodar” klubidan “Shanxay SIPG” jamoasiga o`tgan O`zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov Xitoyga etib bordi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda

29 yoshli yarim himoyachi “Shanxay SIPG” vakillari va OAV xodimlari tomonidan iliq kutib olindi. Odil Ahmedov Xitoy klubi bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekdi.

O`zbekiston terma jamoasi sardori “Shanxay SIPG”da portugaliyalik mutaxassis Andre Villash-Boash qo`li ostida to`p suradi. Ahmedov yangi jamoasida braziliyalik futbolchilar Xalk, Oskar va Elkesen, argentinalik Dario Konka, ivuarlik Jan Edvard Kuassi kabi tajribali va mahoratli futbolchilar bilan birgalikda o`ynaydi.

Ma`lumot o`rnida, Odil Ahmedov 2006 yili professional faoliyatini boshlagan bo`lib, 2006–2011 yillar davomida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan. U ikki karra O`zbekiston chempioni (2006, 2007), uch karra O`zbekiston Kubogi sohibi (2006, 2007, 2009) hamda Hamdo`stlik mamlakatlari Kubogi (2007) g`olibi bo`lgan.

2011–2014 yillarda tajribali yarim himoyachi Maxachqal`aning “Anji” klubida to`p surdi. 2011 yilda u jamoaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.

2014–2016 yillarda o`zbekistonlik futbolchi “Krasnodar” jamoasida o`ynadi. 2014/15 yilgi mavsumda u “buqalar”ning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingandi.

Odil Ahmedov faoliyati davomida 4 marta – 2009, 2011, 2014 va 2015 yillarda O`zbekistonning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo`lgandi.

    Boshqa yangiliklar