AsosiyJINOYAT

Miroboddagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Holat bo‘yicha bir qator shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilardan biri ushlangan.

'Miroboddagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi ochildi'ning rasmi

Toshkent shahri Mirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida amalga oshirilgan qurilish ishlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tuman prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganishlar davomida "Mahalla" xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik "Al-Latif Hearts Tower" MChJ tasarrufiga o‘tkazilgani aniqlangan. Ushbu hududda rekonstruksiya va qo‘shimcha binolar qurish uchun ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Biroq "Lolazor" mahallasi aholisi mazkur joyda yangi bino qurilishiga qarshi chiqqan. Shuningdek, fond va investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi bekor qilingan.

Shunga qaramay, 2026 yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangan. Tergovga qadar tekshiruvda ushbu holat davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgani aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha 27 iyul kuni "Al-Latif Hearts Tower" MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilgan Asilbek Ikromov gumonlanuvchi sifatida protsessual tartibda ushlangan.

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish hamda bolalar maydonchasini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirib, tekshiruvlar davomida qonunbuzarliklar aniqlansa, mas’ullarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishini ta’kidlagan edi.

    Boshqa yangiliklar