AsosiyJAMIYAT

Prezidentga energetika tarmog‘idagi muammolar va vazifalar ijrosi bo‘yicha axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga energetika sohasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi hamda ularni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan axborot berildi.

'Prezidentga energetika tarmog‘idagi muammolar va vazifalar ijrosi bo‘yicha axborot berildi'ning rasmi

Ma'lum qilinishicha, 27 iyul kuni davlat rahbari raisligida yoqilg'i-energetika tarmog'idagi dolzarb masalalar muhokama qilingan videoselektor yig'ilishi o'tkazilgan edi. Unda elektr va gaz ta'minoti barqarorligini ta'minlash, avariyalarni kamaytirish, energiya yo'qotishlarining oldini olish hamda sohadagi boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalari tanqidiy tahlil qilingan.

Yig'ilishda belgilangan vazifalar doirasida elektr va gaz ta'minotini "tumanbay" va "mahallabay" tashkil etish, hududlarning energiya iste'moli balansini shakllantirish, tarmoq va uskunalarni xatlovdan o'tkazish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko'rish hamda sohada raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektdan foydalanish bo'yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda Energetika vazirligi, "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati va O'zenergoinspeksiya rahbariyatining topshiriqlar ijrosi bo'yicha rejalari ko'rib chiqildi.

Xususan, Yangiyo'l tumanida elektr va gaz ta'minotini yaxshilash bo'yicha maxsus shtab ish boshlagan. Unda aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o'tkazilib, elektr uzilishlari, quvvat etishmasligi, gaz bosimi pasayishi, texnik shartlar olish va qarzdorlik bilan bog'liq masalalar o'rganilmoqda.

Qayd etilishicha, Yangiyo'l tumani tajribasi asosida yana 13 ta tumanda shunday tizimni yo'lga qo'yish va keyinchalik uni boshqa hududlarga ham tatbiq etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tadbirkorlarni elektr va gaz tarmoqlariga ulashda texnik shartlarni berish jarayonlarining qonuniyligi va shaffofligini ta'minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish bo'yicha choralar kuchaytirilmoqda.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida esa muammoli tarmoq va uskunalarni yangilash, energiya yo'qotishlarini kamaytirish, avariyaviy uzilishlar sabablarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasida yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta'minlash bo'yicha mutasaddilarga qator vazifalar yukladi.

    Boshqa yangiliklar