AsosiySport

O`zbekiston terma jamoasining raqibi – Qatar Moldova bilan o`ynaydi

O`zbekiston terma jamoasining JCh-2018 saralash bosqichidagi raqibi Qatar terma jamoasi 17 yanvar kuni Moldova terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik uchrashuvini o`tkazadi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati ma`lum qildi. 

Jahon chempionati saralash o`yinlariga tayyorgarlik ko`rayotgan Qatar terma jamoasi Moldova terma jamoasi bilan o`rtoqlik o`yinini o`tkazish borasida kelishuvga erishdi. Unga ko`ra, ikkala terma jamoa ishtirokidagi o`yin 17 yanvar kuni Qatar poytaxti Doxa shahridagi "Jassim Bin Hamad" stadionida bo`lib o`tadi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 18:00da boshlanadi.

O`zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati saralash bosqichidagi yana bir raqibi – Eron terma jamoasining bugun Marokashga qarshi o`tkazilishi lozim bo`lgan o`rtoqlik uchrashuvi no`malum sabablarga ko`ra qoldirilgan. Ayni damda, Karlush Keyrush bosh murabbiyligidagi Eron terma jamoasi saralash o`yinlariga BAAning Dubay shahrida tayyorgarlik ko`rayotgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.

Eslatib o`tamiz, Samvel Babayan bosh murabbiyligidagi O`zbekiston milliy terma jamoasi ham rasmiy o`yinlar oldidan bir qator o`rtoqlik uchrashuvlarini o`tkazish borasida kelishuvga erishgan. Unga ko`ra, dastlab 23 yanvar kuni BAAdagi yig`in doirasida Gruziya terma jamoasiga qarshi o`rtoqlik o`yini o`tkazilsa, 12 fevral kuni Turkiyada Armaniston terma jamoasiga qarshi uchrashuv o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar