O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida 2017 yilda oldimizda turgan vazifalar to`g`risida to`xtalib o`tdi.
Biz 10 milliard 800 million dollar hajmidagi mahsulot eksportini ta`minlashimiz kerak. Bu borada qanday kechiktirib bo`lmaydigan vazifalarni hal etishimiz zarur?
Birinchi – 15 kunlik muddatda komplekslar bo`yicha emas, chunki bu o`zini oqlamayapti, balki eksportga mahsulot chiqaradigan barcha korxonalar bo`yicha harakat dasturini puxta ishlab chiqish va U.Rozuqulov rahbarligidagi maxsus komissiya majlisida tasdiqlash kerak.
Ikkinchi vazifa – 2016 yilda Toshkent shahri va xorijda o`tkazilgan xalqaro sanoat yarmarkalarida jami 7,7 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilish bo`yicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish zarur.
Rossiya, Qozog`iston, Turkmaniston, Ukraina va Belarus Respublikasida, shuningdek, boshqa davlatlarda mahsulot sotishning yangi bozorlarini izlash bo`yicha boshlangan ishlarni yanada faol davom ettirish kerak. Lekin Bolgariya bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilish bo`yicha berilgan topshiriq, afsuski, natijasiz qoldi.
Bu ishlarga bizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz ham o`z hissasini qo`shishi lozim. Buni Senat raisining birinchi o`rinbosari S.Safoev va tashqi ishlar vaziri A.Komilov nazoratga olsin.
Uchinchi vazifa – «O`ztadbirkoreksport» va «O`zsanoateksport» aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi yo`nalishi bo`yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari eksporti bilan bog`liq. Bu borada kamida 1 milliard 500 million dollarlik eksportni ta`minlash kerak.
To`rtinchi vazifa – meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish. Bosh vazir o`rinbosari Z.Mirzaevga 15 kun muddatda o`tgan yili 650 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgani sabablarini atroflicha tahlil qilib, aniq takliflar kiritish topshiriladi.





