AsosiyJamiyat
4361

2016 yilda tibbiyot xodimlariga nisbatan 174 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan

Ma`lumki, biz ijtimoiy sohada aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, dori vositalari bilan ishonchli ta`minlash, jismoniy baquvvat va ma`naviy jihatdan sog`lom avlodni kamol toptirish masalalariga alohida ustuvor ahamiyat bermoqdamiz. 

Ana shu muhim sohalarda qanday muammolar bor? O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan majlisida ilgari sog`liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan Bosh vazir o`rinbosari A.Ikromovga murojaat qildi: 

birinchidan, nima sababdan o`tgan shuncha yil mobaynida sog`liqni saqlash tizimining birlamchi bo`g`ini, eng avvalo, qishloq vrachlik punktlarini isloh qilish samaradorligi ta`minlanmadi? Bugungi kunda ularda 2 ming 500 nafar vrach etishmaydi, bu maskanlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va dori vositalari bilan ta`minlash darajasi juda past; 

ikkinchidan, diagnostika darajasi pastligi va vrachlarning malakasi etarli emasligi natijasida yiliga 30 mingdan ziyod yurtdoshimiz davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga borishga va oila byudjetidan katta mablag` sarflashga majbur bo`layotganidan sizning xabaringiz yo`qmi? 

uchinchidan, siz qachon tez tibbiy yordamning barcha tuzilmalarida tartib o`rnatib, ularning barqaror ishlashini ta`minlaysiz? Nima sababdan ular aksariyat holatlarda bemorlarga haqiqiy tez yordam ko`rsata olmaydi? 

to`rtinchidan, tibbiyot xodimlari o`rtasidagi salbiy holatlarga qachon barham beriladi? Bu borada faqatgina o`tgan yilning o`zida 174 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Sog`liqni saqlash xodimlari bilan yaqinda bo`lib o`tgan uchrashuvda tug`ruqxonalardagi ta`magirlik bilan bog`liq salbiy holatlar to`g`risida sizga va tizim rahbarlariga alohida aytgan edim; 

beshinchidan, siz nima sababdan ekologiyaning jiddiy muammolari bilan etarlicha shug`ullanmayapsiz? Axir, bu soha odamlarning sog`ligiga va mamlakatimizdagi epidemiologik holatga ta`sir qilmaydimi? 

oltinchidan, shaxsan siz va «Dori-darmon» kompaniyasi rahbari A.Komilov nima sababdan dorixonalar tarmog`idagi jiddiy kamchiliklarga panja orasidan qarab, ularni bartaraf etish uchun ta`sirchan choralarni ko`rmayapsiz? Axir, bu sohada qimmat dorilarning 45 foizini import dorilar, buning ustiga, narxi haddan tashqari oshirib yuborilgan dorilar tashkil etadi.

Boshqa yangiliklar