AsosiySUG'DIYONA

Hayotingizni yaxshilashning 4 kaliti

Maqsad

Maqsadingizga erishmoqchi bo`lsangiz, avvalo niyatni yaxshi qiling, ko`nglingizni ortiqcha narsalardan tozalang. Hasad, araz, gina-kudurat kishining ko`p vaqtini oladi, asablarini emiradi, maqsaddan chalg`itadi. Kimdandir xafa bo`lib, undan qay yo`l bilan alamingizni olishni o`ylab, «qo`limga tushsa, boplayman!» deya rejalar tuzishga, janjal ssenariylarini yozishga qancha vaqtingiz ketishi mumkinligi hech o`ylab ko`rganmisiz? Vaqt topib, bir o`ylab ko`ring. Shunda behudaga sarflagan vaqtingizga achinib ketasiz. «Undan ko`ra, chevar qo`shnimdan tikishni, pazanda ovsinimdan yoki qo`llanmalardan pishiriqlar sirini o`rgansam yo badiiy kitob o`qisam bo`lmasmidi», deysiz. Bu bilan, birinchidan, dunyoqarashingiz ortadi, ikkinchidan, yana bir soha sirlarini o`rganasiz. Balki keyinchalik bu bilimlaringiz oilaviy byudjetingizga ham naf keltirar. Agar moliyaviy foyda keltirmasa ham, bolalaringiz va turmush o`rtog`ingiz pazandaligingizu chevarligingizga tahsin o`qishsa, quvonishsa, ayol uchun bundan ortiq baxt bormi?!

Do`stlik

Do`st orttirmoqchi bo`lsangiz atrofingizdagilarning quvonchidan quvonishni o`rganing. Birov ranjiganda kuladigan, kulganda ranjiydigan odatingiz bo`lsa, darrov voz keching.

Baxt

«Muhabbat bilan turmush qurdim, bir umr baxtli yashayman», deb xomxayol bo`lmang. Baxtli bo`lish uchun bir umr munosabatlar ustida ishlashingiz lozim. Oila oldidagi burchingizni bir muddat nazoratdan qochirsangiz, izdan chiqishi hech gapmas. Turmush o`rtog`ingiz va farzandlaringiz qiziqadigan narsalarga siz ham qiziqing, bu oilani birlashtirishga yordam beradi. Turmush o`rtog`ingizning ishi teskari ketganda kamsitadigan odatingiz bo`lsa, omadi chopganda undan muruvvat kutmang.

Farzandlar

Agar kelajakda foyda ko`rish uchun nimagadir pul tikmoqchi bo`lsangiz, mablag`ingizni farzandlaringiz ilm olishi uchun sarflang. Bolalaringiz undan foydalanayotganini ko`rib, ko`nglingiz xotirjam bo`ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar