1

Erkakning yotoqxonadagi muammolari: sabab va choralar

Salomatlik 16.01.2017, 16:14
Teglar: Salomatlik
Erkakning yotoqxonadagi muammolari: sabab va choralar

Oxirgi yillarda tibbiyotda erkaklar uchun haqoratli sanalgan impotensiya o`rniga erektil disfunksiya termini qo`llanila boshlandi. Nomi-ku o`zgarar, ammo erkak uchun bu xastalikning zalvori aslo kamaygani yo`q. Har qancha kuchli va salomatligi bo`yicha muammolarni (ayniqsa, bunday nozik masalada) pisand qilmaydigan ko`rinsa-da, erkak hamisha sevimli umr yo`ldoshining ko`magiga ehtiyoj sezadi. Siz ana shu istakka befarq bo`lmang.

Tibbiy til bilan aytganda…

Erektil disfunksiya — jinsiy aloqaga kirishish uchun erkakning ereksiya (qo`zg`alish) hosil qilolmaslik yoki saqlay olmasligi. Jinsiy mayl susayishi, urug`ning tez to`kilishi, jinsiy qoniqish bilan bog`liq muammolar erektil disfunksiya xastaligiga aloqador emas. Ereksiyaning buzilishi asosan 2 katta guruhga bo`linadi: psixogen va organik. Ba`zan ular aralash holda bo`lishi ham mumkin. Birinchi holda ereksiyaning risoladagidek yuz bermasligiga erkak ruhiyatidagi zo`riqish, stress, depressiya, qo`rquv sabab bo`lsa, ikkinchi holda disfunksiya turli urologik, neyrogen, endokrin va tomir kasalliklari ta`sirida rivojlanadi.

Ekspress-test

Oilaviy hayot kechiruvchi erkak 3 oy davomida har ikki yaqinlikning birida omadsizlikka uchrayversa, albatta, uni chuqur tibbiy ko`rikdan o`tkazishga to`g`ri keladi. Bu avvalo unda testosteron (erkaklik gormoni) miqdorining pasayib ketganidan dalolat beradi. Ayniqsa, bu erkaklarda qirchillama yoshga kirgandan so`ng kuchayishi kuzatilgan.

Sabablar va tadbirlar

To`shakda qaytalanayotgan muvaffaqiyatsizlikka quyidagilar ham sabab bo`ladi:

1. Erkaklarning haddan ortiq semirib ketishi natijasida teri ostidagi yog` kletchatkasi ereksiya hosil qilishni to`sib qo`yadi.

Maslahat: eng birinchi ishingiz turmush o`rtog`ingizga parhez tuttirish bo`lsin. Yaxshisi, bu oqsilli parhez bo`lsin. Go`sht va baliq mahsulotlarini sabzavotlar bilan pishiring, tvorog eyishini nazorat qiling. So`ng turmush o`rtog`ingizni qondagi qand va xolesterinni aniqlash uchun tahlil topshirishga, yurak va tomirlarini EKG qildirishga yuboring.

2. Keng tarqalgan prostatit. Ayniqsa sovuq qish kunlari gripp, tumovni oyoqda o`tkazish asorati prostata bezining yallig`lanishi bilan tugashi mumkin. Chunki bu bez peshob chiqarish kanalining yuqorisi, qovuq pastida joylashgan. Prostatit bezovta qilayotganini chov, oraliq va qorin pastida yuzaga kelgan qattiq og`riq bildirishi mumkin. Bu holda erkak uchun yurish ham qiyinchilik tug`diradi. Uni darrov yotqizib, uyga shifokor chaqiring. Kasallik o`z vaqtida aniqlansa, undan antibiotik va fizioterapiya, qo`l va apparat orqali qilinadigan massaj yordamida qutulish mumkin. Bu usullar prostatitning follikulyar bosqichida ham asqotadi. Prostata bezi follikulalardan (yacheykalardan) iborat bo`lib, ulardagi yiring o`choqlari barcha yo`llarni yopib qo`yadi. Prostatitning eng og`ir uchinchi shaklida bez to`la-to`kis patologik jarayonga tortiladi. U infeksiya markaziga aylanib, barcha funksiyalarini yo`qotadi. Tibbiyotda uni faqat xirurgik yo`l bilan davolashadi. Muolajalar kechiktirilsa, zararlangan prostata bezi qovuq bo`yni sklerozi, qiyinlik bilan peshob haydash, erektil disfunksiya va bepushtlikka olib kelishi mumkin.

Maslahat: avvalo eringiz bilan ushbu qaltis mavzuda o`ta ehtiyotkorlik, yumshoqlik va bir paytning o`zida qat`iylik bilan gaplashing. Shamollasa, har qancha harakat qilmasin, ishga yubormaslikning tadbirini qiling. Agar yuqorida sanalgan muammolar kuzatilayotgan bo`lsa, urolog-androlog shifokorga uchrash zarurligini yotig`i bilan tushuntiring.

  • Sigareta, alkogol ichimliklar, pivo, o`tkir ziravor va taomlardan iste`molini cheklashga eringizni ko`ndiring. Buning ilojini topolmasangiz, hech bo`lmasa, davolanish paytida ularga yo`l qo`ymang.
  • Jinsiy aloqaning normal kechishi uchun etarlicha sharoit va vaqt sarflanishini hisobga oling. Shunga yarasha hozirlik ko`ring.
  • Prostatitning jazosi — piyoda yurish. Umr yo`ldoshingizni ko`proq sayr qilishga undang. Iloji bo`lsa, fitnes-klub va basseynga yozdirib qo`ying. Bu, birinchidan, vazn ortmasligiga yordam bersa, ikkinchidan, sport mashg`ulotlari erkakning jinsiy hayotiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.

Yodingizda bo`lsin: velosiped haydash, velotrenajyor, figurali uchish, karate va ot sporti kuchli jins vakillarining jinsiy a`zolari tizimiga salbiy ta`sir qiladi, erektil disfunksiya paydo bo`lishiga olib keladi.

 

O`tkir turi

Surunkali prostatit

Yuqori harorat

Barvaqt urug` to`kish, ereksiya susayishi

Titrash

Ertalab birinchi tashqariga chiqilganda uretraning tashqi yo`li yopilib qolgandek peshob har tomonga sachraydi

Tez-tez og`riqli peshobga chiqish

Peshob haydashda etarli bosim his qilmaslik

Oraliq, chov va qov tepasida og`riq

Oraliq va qov ustida doimiy bo`lmagan og`riq

Uretradan loyqa yoki yiringli ajralmalar kelishi

Qovuqni bo`shatishda burab og`rish va achishish, ajralmalar

 
3. Ayollarga nisbatan erkaklar buyragida tosh ko`proq paydo bo`ladi. Chunki moddalar almashinuvi bizning organizmimizdan biroz farq qiladi-da! Hatto chap buyrakdan ko`ra erkaklarda tosh ko`proq o`ng buyrakda hosil bo`ladi. Eng yomoni, qattiq jismning har ikki buyrakda ham joylashib olishidir. Buyrakdagi tosh ham jinsiy aloqaga halal beradi. Tosh borligi oldin keskin harakatlardan so`ng bel sohasida simillagan og`riq turishi, noqulaylik tuyilishi bilan xarakterlanadi. Darrov peshob tahlilidan o`ting va buyrakni UTTdan o`tkazing. Ko`pchilik bunday holatlarga e`tibor qilmay, keyinroq, aniqrog`i, buyrakda qattiq sanchiq turganida tosh borligiga amin bo`lishadi.

Maslahat: buyrak sanchig`i tutsa, darrov «Tez yordam» chaqirib, u kelgunicha og`riq qoldiruvchi dori bering. Eringizning beliga iliq grelka (qizdirilgan tuzli qopcha) qo`ying yoki 39°S darajali vanna tayyorlang. Yodingizda bo`lsin, issiq muolajalar peshobga qon aralashmagan taqdirdagina o`tkaziladi.

4. Jinsiy quvvatning pasayishi kamroq uchrasa-da, endokrin buzilishlar natijasida ham ro`y beradi. Bunda jinsiy bezlar yaxshi ishlamay, testosteron kam ishlab chiqariladi. Erkakda ovoz tembri kuchayib, yuz va badanda tuk o`sishi to`xtaydi, tananing turli qismlarida yog` to`planadi.

Maslahat: tezda endokrinolog huzuriga otlaning.

Dilnoza UMAROVA

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1