So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hamda aholi o`rtasida O`zbekistonda 11 yillik ta`lim tizimi qayta tiklanishi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Toshkentdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida 2017-2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag`ishlangan media-haftalikning 4-kuni doirasida mazkur savolga mutasaddi tashkilot rahbari tomonidan oydinlik kiritildi.
Dilmurod Turdiev O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o`rinbosari:
– 9+3 sxemasi bo`yicha ta`lim tizimi O`zbekistonning asosiy strategiyasi etib belgilangan. Birinchi Prezidentimiz ilgari surgan ushbu tizim jahon hamjamiyatida O`zbekistonning modeli sifatida tan olingan va bu yo`ldan ortga qaytilmaydi.
Ma`lumot aytish joizki, O`zbekistonda 9+3 sxemasi bo`yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta`lim tizimi 1997 yil 29 avgustda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida ta`lim sohasidagi islohotlarni takomillashtirish bilan bog`liq bo`lgan "Ta`lim to`g`risida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturlari asosida joriy qilingan.
12 yillik bepul majburiy ta`lim tizimining oldingi tizimdan farqi shundaki, oldingi 10 yillik ta`lim tizimida faqat umumiy o`rta ta`lim berish bilan cheklanilgan bo`lsa, yangi tizimda 9 yillik umumiy o`rta ta`lim beriladi va 3 yil majburiy tarzda kasb-hunar o`rgatiladi. Kasb-hunar ta`limini tamomlagan yoshlarga iqtisodiyot tarmoqlarida kerakli bo`lgan kasblar bo`yicha diplom beriladi. Bu oddiy qilib aytganda 18 yoshga to`lgan, O`zbekistonda yashayotgan va O`zbekiston aholisining 60 foizini tashkil qiladigan yoshlar bepul tarzda kasb egasi bo`lishi kafolatlangan.