AsosiyMoziydan sado
13295

​ALIShER NAVOIY VA SULTON SANJAR

'​ALIShER NAVOIY VA SULTON SANJAR 'ning rasmi

“Xun bahosi uchun mana pul, qasos olmoqchi bo`lsang, mana shamshir!”

Nomi afsonalarga yo`g`rilgan turkiy hukmdorlardan biri Saljuqiylar saltanatining so`nggi hukmdori Sulton Muizziddin Abul Xoris Sanjar ibn Malikshohdir.

Sulolaning so`nggi va qudratli vakili

Ma`lumotlarga ko`ra, u Iroqning hozirgi Sinjar shahri hududida 1086 yilda tug`ilgan. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, uning ismi o`zi tug`ilgan shahar nomidan olingan deyilsa, boshqa manbalarda turkiy tildagi “sanchar, sanchuvchi, hujum qiluvchi” ma`nolarini berishi aytiladi.

U akasi sulton G`iyosiddin vafotidan so`ng, 1118 yili taxtga o`tiradi. U o`z davlatining poytaxtini hozirgi Turkmaniston hududidagi Marv (Mari) shahri hududiga ko`chirgan. Keyinchalik Movarounnahr, Xuroson va Xorazmni o`zida birashtirgan ulkan saltanatga asos solgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Sulton Sanjarning nomi Qashqardan Yamangacha, G`aznadan Umongacha, Onado`lidan to Hijozgacha xutbaga qo`shib o`qilgan. Biroq, 1141 yilda Movarounnahrga Qoraxitoylarning bostirib kirishi Sulton Sanjar hokimiyatini zaiflashtirgan. Ayniqsa, Qatvon cho`lidagi jang Saljuqiylarni qaqshatqich zarbaga uchratadi.

Garchi uzoq urinishlardan so`ng u hokimiyatning bir qismini qaytarib olishga muvvafaq bo`lsa-da, oldingi kuch-qudratini yo`qotib bo`lgandi. Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, Sulton Sanjar 1157 yilda Marv shahrida og`ir xastalikdan vafot etadi.

Sulton Sanjar o`z davrida fan, madaniyat va san`at homiysi sifatida ham dovrug` taratadi. Uning saroyida o`z davrining mashhur shoir va ulamolari to`plangan. U Marv va boshqa ko`pgina shaharlar, jumladan Samarqandda ham bir qator me`moriy yodgorliklar qurdirgani ma`lum. Biroq, bu binolar mo`g`ullar bosqini paytida vayron qilingan.

Rivoyatlar tilga kirganda...

Sulton xalq og`zaki ijodi va badiiy adabiyotda adolatli, xalqparvar, oqil hukmdor sifatida gavdalanadi. Xalq orasida Sulton Sanjar nomi afsona va rivoyatlarga yo`g`rilib ketgan. Bir rivoyatga ko`ra, Sulton Sanjar o`ziga saroy qurdirmoqchi bo`ladi. Lekin saroyning markazida o`rnatish uchun baland, to`g`ri ustun kerak bo`ladi. Unga mos daraxtni hech qaerdan topa olishmaydi. Nihoyat bir kampirning hovlisida ustunbop daraxt topiladi. Shoh ushbu daraxt uchun kampirga juda katta in`omlar beradi. Shu bilan birga istagan paytda saroyga kelib, uni ko`tarib turgan ustunni ko`rib ketish huquqini beradi.

Kampir saroy bitgach, tomoshaga keladi va unga ko`rk bag`ishlab turgan ustunni ohista silaydi: “Agar sen egri o`sganingda allaqachon o`tinga aylanarding, to`g`ri o`sganing sabab sulton saroyidan joy olding, menga ham katta davlat va izzat olib kelding”, deydi.

“Shoh G`oziy” himmati

Bu mazmundagi hikoyatlar mumtoz adabiyotga ham ko`chib o`tgan.

Hazrat Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonida ham “Shoh G`oziy va kampir” hikoyati mavjud bo`lib, unda voqealar sal boshqacharoq talqin qilinadi.

Kampir Shoh G`oziyning huzuriga kelib, uning askarlari bir jangda yakkayu yolg`iz o`g`lini o`ldirishgani, buning shoh qonun oldida javob berishi lozimliini aytadi. Shoh kampirning talabini qondirish u bilan uchun qozining huzuriga boradi. Qozi ham haqqoniy hukm chiqaradi. Shoh yo kampirning o`g`li uchun xun puli to`lashi lozim yo kampirga qasos olish imkonini berish kerak. Shunda shoh ikkilanmasdan yuz hamyon tilla va qilich keltirishlarini buyuradi: “Xun bahosi uchun mana pul, qasos olmoqchi bo`lsang, mana shamshir!” Kampir uning adolatidan lol qoladi va shohning oyog`iga yiqilib uzr so`raydi. Shoh esa, kampirning izzat-hurmatini o`z o`rniga qo`yib, uni oltinu kumushga ko`madi.

Hazrat Navoiy bu o`rinda Sulton Sanjar nomini tilga olmasa-da, so`z aynan u haqda ketayotganga o`xshaydi. Chunki, tarixda Sulton Sanjarning g`ayridin o`g`uzlarga qarshi kurashib G`oziy nomin olgani tarixdan ma`lum. Boshqa bir guruh olimlar esa, bu o`rinda so`z Husayn Boyqaro haqida borayotganini aytadilar. Chunki, Navoiy ko`p asarlarida o`z do`stiga “Sho G`oziy” deya murojaat qiladi.

Nechta Sulton Sanjar bor?

Ko`p o`rinlarda u o`z do`stini adolat va kuch-qudratda Sulton Sanjar bilan qiyoslagan. Husayn Boyqaroga atab yozilgan “Tuhfatul-afkor” qasidasida shunday misralar bor:

Mulki dil piri javonro hast obodon zi ishq,

Bonii Marvi kuhan Sanjar zi nav xam Sanjar ast.

Bu o`rinda ishq keksayu yoshning qalbini birdek obod qilishini aytib, chiroyli o`xshatish qiladi. Ko`hna Marvni Sanjar bino qilgandi, yangi Marvni ham u boshqarmoqda. Bu o`rinda Navoiy uch asr avval Marvning hokimi Suton Sanjar bo`lganiyu, hozir ham Sulton Sanjar ismli boshqa bir hukmdor shaharni boshqarayotganini eslatadi. Tarixdan ma`lumki, Sulton Husayn Boyqaro taxtni egallashidan avval bir muddat Marv Hukmdori bo`lgan Sulton Sanjar huzurida yashagan va uning qizi Beka Sultonbegimga uylangan. Shu bois har ikki hukmdorni farqlash maqsadida Saljuqiylar hukmdori bo`lgan Sulton Sanjar nomiga “Moziy” (avvalgi, o`tgan zamondagi) sifatiga qo`shib aytishgan.

Shu bilan birga Hazrat Navoiy ham Marvda ma`lum muddat yashagan, bu payta kelib, vayronaga aylangan Sulton Sanjar Moziy maqbarasini qayta tiklashga bosh-qosh bo`lgan.

Rustam Jabborov

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar